Suhrob Olimjonov chempionlikni o’ylamagani, singlisining to’yini tashlab, finalga yetib kelgani, oilasi tomonidan institutda o’qish uchun qarshilik qilingani haqida gapirdi

Suhrob Olimjonov chempionlikni o'ylamagani, singlisining to'yini tashlab, finalga yetib kelgani, oilasi tomonidan institutda o'qish uchun qarshilik qilingani haqida gapirdi

O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 2-bosqich talabasi Suhrob Olimjonov “Students cunp” musobaqasidagi fikrlari bilan o’rtoqlashdi.

Chempionlik siri
Chempionllikka o’zaro ishonch, ahillik orqali erishdik. Mag’lubiyatdan hayiqmasdik. Maydonga faqat g’alaba uchun tushdik.
Suhrob Olimjonov chempionlikni o'ylamagani, singlisining to'yini tashlab, finalga yetib kelgani, oilasi tomonidan institutda o'qish uchun qarshilik qilingani haqida gapirdi
Murabbiy haqida
Murabbiyimiz ajoyib motivator. U kishi bizga faqat zarur bo’lgan maslahatlarni beradi. Bu ham g’alabalarimiz uchun turtki bo’lgan.

Futbol bilan shug’ullanish
Professional futbol bilan mashg’ul bo’lolmayman. Sababi, men San’at va madaniyat institutida tahsil olaman, soham – rejissyorlik. O’z sohamni yaxshi ko’raman, futbolni undan ustun qo’yolmayman. Futbol xobbiyim sanaladi.

Sovrin yoki oliygoh sha’ni?
Biz musobaqa boshlanishidan to yakungacha sovrin haqida o’ylaganimiz yo’q. Jamoa, institut sha’nini birinchi o’ringa qo’ydik. Dastlabki o’yinlarimizda muxlislar kam edi. Keyin ular soni osha boshlagach, shijoatimiz ham yuksala boshladi.
Suhrob Olimjonov chempionlikni o'ylamagani, singlisining to'yini tashlab, finalga yetib kelgani, oilasi tomonidan institutda o'qish uchun qarshilik qilingani haqida gapirdi
Respublika bosqichi to’g’risida
Bu bosqich ham shahar bosqichi kabi davom etadi deb o’ylayman. Chunki Toshkentda o’qiydiganlar asosan viloyatlardan kelishgan. Xuddi shu kayfiyatda institutimiz, jamoamiz hamda oilamizdagilar quvonchi uchun maydonga tushamiz.

Oila
Oddiy oilada voyaga yetganman. Oilada besh kishimiz. Oilamizda san’atkorlar yo’q. San’atga kechroq qiziqqanman, lekin unga bo’lgan mehrim qolganlardan ko’p bo’lsa ko’pki, aslo kam emas. Otam dehqon, onam shifokor, ukam IT sohasi bo’yicha tahsil oladi, singlim til o’rganishga qiziqadi.

Finaldagi to’y
Final kuni singlimning to’yi edi. Yarim finaldan so’ng kechqurun uyga jo’nadim. Yo;lda ketayotganimda, bir inson xabar yozdi, bu fikrlarimni o’zgartirib yubordi. “Ertaga singlingizning to’yi, baxtli bo’lsin! Lekin jamoangiz finalda yutqazib qo’ysa, o’zingizni kechira olasizmi?”, degan gapi menga ta’sir qildi. Chunki xayolimda faqat to’y tashvishi edi. Nima qilishni bilmay qoldim. Institut rahbariyati, do’stlarim, muxlislar ortimizdan qo’llab-quvvatlayotgani xayolimdan o’taverdi. Vaziyatni dadamga tushuntirdim. Dadam esa to’g’ri qabul qilib, institutga qaytishim kerakligini aytdi. Buvim “To’ylar bo’laveradi, lekin sen ta’lim dargohingni himoya qilgin, chunki u yer senga bilim bermoqda, ortingda qancha inson turibdi”, deya maslahat berdi. Shundan so’ng, yo’lga chiqib, o’yin boshlanishiga 10 daqiqa qolganda stadionga yetib keldim. Sheriklarim meni kelmaydi deb o’ylagandi. Ular xursand bo’lishdi. Bu menga qo’shimcha kuch bag’ishladi.

Messi yoki Ronaldo tanlovi
Ikkalasi ham futbol qirollari, birini tanlolmayman.

Musobaqa oldidan yuzaga kelgan taassurot
Turnir oldidan chempionlik haqida o’ylamagandik. Faqatgina ilk o’yinda g’alaba qozonish haqida bosh qotirgandik. Har o’yinda o’sha bahs haqida qayg’urganmiz.

Oliygoh haqida
San’atga Quvnoqlar va zukkolar (QVZ) bellashuvi orqali qiziqqanman. Oilamdagilarning barchasi qarshi bo’lishgan. Faqatgina buvim menga ishonch bildirgan. To’rt yil imtihon topshirganman. Ortga chekinmadim hamda 2020-yil shu dargoh talabasiga aylandim.

Finaldagi g’alaba golini urganda yuz bergan hissiyot
Finalgacha beshta o’yin o’tkazdik, o’sha bahslarda raqib jamoa darvozasiga yaqiniga yo’lamadim, faqat himoyada o’ynadim. Finalda hisob 2:2 payti jarima zarbasi ishladik. Raqib maydoniga o’tdim hamda osmonga qarab, Xudoga iltijo qildim. Gol urishni ixlos qildim. Keyin raqib hujumga o’tdi, men shu yerda turaverdim. Himoyachimiz menga to’pni oshirdi va men uni ko’kragim bilan to’xtatib, chap oyoqda darvozaga yo’lladim. Goldan keyingi hissiyotlarimni ta’riflab berolmayman. To’y ham yodimdan chiqib ketdi.
Suhrob Olimjonov chempionlikni o'ylamagani, singlisining to'yini tashlab, finalga yetib kelgani, oilasi tomonidan institutda o'qish uchun qarshilik qilingani haqida gapirdi
Muxlislar to’g’risida
Muxlislar atmosferasi shunchaki ajoyib edi. Final kuni muxlislarimizni ko’rib, hayratda qoldim. Ularning hayqirig’i ostida raqib ishqibozlarining ovozi eshitilmadi. Barchaga minnatdorchilik bildiraman. Ularning olqishi bizga dalda bo’ldi.

image_pdfimage_print