
O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 2-bosqich talabasi, futbol jamoamiz sardori Sarvar Raimberdiyev turnirdagi ishtiroki, chempionlik haqida o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
– Futbolga sizni kim qiziqtirgan?
– Futbolga olilaviy qiziqish bo’lgan. Dadam, amakilarim yoshligidan shu sport turi bilan shug’ullangan. “Qonda bor” deyishadi-ku, menga ham qiziqish ulardan o’tgan bo’lsa kerak. Birinchi murabbiyim – amakim Jabborov Otajon. 8 yoshimdan to’p tepishni boshlaganman.
– Nega aynan Madaniyat institutini tanlagansiz?
– Aslida bu oliygohda o’qish xayolimda yo’q edi. O’zbek tili va adabiyoti yoki Pedagogika universitetida o’qishni maqsad qilgandim. Taqdirimga shu dargoh bitilgan ekan. Har qanday joyda mehnat qilgan kishi qadr topadi.
– Sardorlik mas’uliyati haqida fikr bildirsangiz.
– Buning mas’uliyati katta. Jamoada mendan kuchliroq, aqlliroq, yoshi kattaroq bo’lgan futbolchilar bor. Lekin bunday o’yinchilarni birlashtirishning o’zi bo’lmaydi. Eng muhimi, jamoada ichki muhit yaxshi.
– Qanday oilada tug’ilib o’sgansiz?
– Oddiy oilada voyaga yetganman. Oilamizda ilm qadrlanadi. Dadam bog’bon, onam esa o’qituvchi.
– Chempionlikka nimaning hisobiga erishdingiz?
– Ilk navbatda, bizda ichki muhit ajoyib. Yigitlarning hech biri o’zini boshqadan ustun qo’ymaydi. Bir-biriga quloq tutadi. Yana bir jihat, biz har o’yinga “Bugun yoki hech qachon” shiori ostida final singari yondashdik.
– Institut rahbariyati musobaqa oldidan mukofot va’da qilganmidi?
– Turnir avvalida rektorimiz bilan uchrashuv o’tkazgandik. Bizga yirik mukofot va’da qilishdi. Biroq mukofot biz uchun ikkinchi darajali masala. Birinchi navbatda, institut sha’ni uchun kurashdik.
– Murabbiy haqida nima deya olasiz?
– 116 ta oliygoh ichida yagona ayol murabbiy bizda edi. Dilorom Tavakulovnaga alohida minnatdorchilik bildiramiz. Ustozimiz jamoaga motivatsiya bag’ishladi.
– Agar imkon bo’lsa, professional futbol bilan shug’ullanarmidingiz?
– Menimcha, har qanday havaskor o’yinchi buni orzu qilsa kerak. Bu yoshlikda ushalmay qolgan dastlabki orzuyim sanaladi.
– Sovrin yoki institut sha’ni, qay birini tanlaysiz?
– Taqdirlanish yomon narsa emas, lekin sha’nimiz birinchi darajada turadi.
– Respublika bosqichi haqida nima deya olasiz?
– Jamoamizda kayfiyat a’lo darajada. Natija uchun kafolat berolmayman, muhimi, bosimiz o’yin namoyish etamiz. Xudo xohlasa, yaxshi natijaga erishamiz.