Rossiya–Oʻzbekiston madaniy taʼlim forumini yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi

Xabaringiz bor, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 30 yilligi nishonlanadi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida Rossiya–Oʻzbekiston madaniy taʼlim forumi oʻtkaziladi.
Bugun oliygohda mazkur forumni mazmunli va professional tarzda tashkil etish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda institut rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, oʻqituvchi va murabbiylar hamda boshqa xodimlar ishtirok etdi.
Institut rektori, professor Ibrohim Yuldashev mazkur forumni aynan mazkur oliygohda oʻtkazish oʻziga xos ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Shu bilan birga, tadbirlarni mazmunli oʻtkazish boʻyicha tuzilgan ishchi guruhning tayyorgarlik holati haqida hisobotlar tinglandi.
Qolaversa, Mustaqil Davlatlar Hamdо‘stligi xalqaro tashkilotining Madaniyat va san’at ta’limi bо‘yicha Jamoatchilik Kengashi a’zosi, professor Temur Rashidov tomonidan OʻzDSMI delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi Moskva shahriga tashrifi hamda institut badiiy jamoasining Xalqaro teatr sanʼati festivalidagi ishtiroki toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Shuningdek, talabalar turar joyida istiqomat qiladigan yoshlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda ularning institut ichki tartib-qoidalariga qay darajada amal qilayotgani muhokama qilindi.
Yigʻilish soʻngida ishchi guruh xodimlariga tegishli topshiriq va vazifalar berildi.