
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Teatr san’ati fakultetining “Vokal” kafedrasi professori Qodir Mirzayev tavalludining 75 yilligi nishonlandi.
Unda institut rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, ishchi xodimlar, mehmonlar, talabalar ishtirok etdi. Bu bayramona tadbir san’atkorning yaqinlari, shogirdu muxlislari, oliygohda tahsil olayotgan ijodkor yoshlarga katta quvonch bag‘ishladi.
Tadbir avvalida institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldashev so‘zga chiqib, uzoq yillardan buyon ushbu institutda halol mehnat qilib, mamlakatimizning madaniyati hamda sanʼati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, ko‘plab buyuk san’atkorlarning ustozi bo‘lgan Q.Mirzayevning tavallud ayyomi bilan qutladi va o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdi.
Ijodiy kecha davomida qayd etilganidek, musiqa insonda yuksak didni shakllantirishga xizmat qiladi va unga ma’naviy ozuqa beradi. Kishi ruhiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, nafosat olamiga olib kiradi. Shuning uchun ham ijodkor kadrlarni tayyorlash pedagoglardan nihoyatda katta masʼuliyatni talab etadi. Boisi, ular bo‘lajak sanʼatkorning iqtidorini, iste’dodini yanada shakllanishida katta ko‘mak ko‘rsatishadi. Musiqa san’ati sohasida mehnat qilayotgan pedagoglar o‘z kasbiga va talabalariga mehr qo‘ygan, yuksak madaniyatli, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan shaxs ekanligini ham e’tirof etish joizdir. Chunki o‘qituvchining darsga ijodiy tarzda yondashishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan diltortar navolarga ulanib ketdi. Jonli tarzda ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, taqlid namoyishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.