
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Teatr san’ati fakulteti, “Qo‘g‘irchoq teatri san’ati” kafedrasi tomonidan “Qo‘g‘irchoq teatri san’ati: Yangi davr va transformatsiya” mavzasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, xalqaro qo‘g‘irchoq teatri sohasi vakillari, fakultet va kafedraning professor o‘qituvchilari, viloyatlardagi qo‘g‘irchoq teatri rahbarlari va boshqalar ishtirok etdi.
Dastlab moderator A’zamjon Abduxalilov konferensiyani tashkil etishning maqsadi va vazifalari to‘g‘risida tushuncha berib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, ushbu konferensiya mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni tatbiq etish maqsadida tashkil etildi. Qolaversa, sohadagi muammo va kamchiliklarning ilmiy yechimini topish vazifasi ilgari surilgani ayitib o‘tildi.
So‘ngra institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yuldashev ushbu konferensiyaning ahamiyati to‘g‘risida fikr bildirdi.
“Internet tarmog‘i dunyo bo‘ylab jadallashmoqda. Shu bois, bugungi kunda oddiy tomoshalar bilan bolalarning e’tiborini tortish qiyin. Yoshlarni tarbiyalash masalasi dunyo bo‘yicha dolzarb masalaga aylandi. Shunday ekan, bunday konferensiyalarning o‘rni katta. Xalqaro tajribalarni o‘rganish davri keldi. O‘ylaymanki, ushbu konferensiya muvaffaqiyatga xizmat qiladi”, dedi Ibrohim Yuldashev.
Konferensiyada “Qo‘g‘irchoq teatri san’ati” kafedrasi professori v.b, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Maryam Ashurova, O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri bosh rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shomurod Yusupov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri direktori direktori Davronbek Atabayev hamda “Qo‘g‘irchoq teatri san’ati” kafedrasi dotsenti Venera Yusupova o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Qolaversa, Maksim Gorkiy nomidagi Qozog‘iston davlat akademik rus teatri bosh rejissyori, Qozog‘iston xalq artisti Bekpo‘lat Parmonov Zoom platformasi orqali Qozog‘iston qo‘g‘irchoq teatrlarining o‘tmishi va buguni haqidagi fikrlarini bildirdi.
Shundan so‘ng shu’balar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda sohadagi masalalar muhokama qilindi.
Kunning ikkinchi qismida konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Unda institutning iqtidorli talabalari qiziqarli sahna ko‘rinishlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Quyida ushbu konferensiya jarayoniga oid fotosuratlarni tomosha qilishingiz mumkin.