
Joriy yilning 14-fevral kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘zbek mumtoz adabiyotining zabardast vakili, buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi munosabati bilan “Qalbimizda mangu yashar buyuk siymolar” nomli ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy tadbir tashkil etildi.
Professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, ishchi xodimlar, talabalar qatnashgan tadbirda institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev so‘z olib, talaba-yoshlarga Bobur hayoti va ijodiy faoliyati, uning badiiy-ilmiy merosi, mamlakatimizda bu ulug‘ insonga yuksak ehtirom ko‘rsatilayotgani, shoir asarlarining navqiron avlod tarbiyasida tutgan ahamiyati xususida muhim fikrlarni aytib o‘tdi.
Mamlakatimizda milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi professor Ibrohim Yo‘ldoshev. – Ma’lumki, fevral oyida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondalari Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari keng nishonlanadi. Shu o‘rinda aytish joizki, Navoiy va Bobur munosabatlari xususida turli ilmiy qarashlar mavjud. Bobur Navoiy bilan bevosita uchrashmagan bо‘lsada, ular orasida iliq munosabat bо‘lgan. Bobir о‘z asarlarida Alisher Navoiyni yigirmaga yaqin о‘rinda tilga olgan. “Boburnoma”da keltirilishicha, Bobur uchun ustozi Alisher Navoiy bilan shaxsan suhbatdosh bо‘lmagani katta armon bо‘ladi. U 1506 yilda Hirotga kelganida Navoiy vafot etgan edi.
U Alisher Navoiy yashagan uyni, u qurdirgan imoratlarni va albatta, uning maqbarasini ziyorat qiladi. Bobur Husayn Boyqaroning о‘g‘illari Badiuzzamon Mirzo hamda Muzaffar Mirzolar tomonidan hurmat ramzi sifatida о‘ziga kо‘rsatilgan shohona joyda istiqomat qilmasdan, Hirotdan ketgunga qadar Navoiy yashab ijod qilgan uyda turadi. Zahiriddin Muhammad Bobur Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkardadir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalari sifatida sheʼriyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa boʻlib qoʻshilgan.
Tadbir davomida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalari ishtirokidagi musiqiy dastur yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Chin insoniy fazilatlar, ezgulik, odamiylik, mehr va sadoqatni tarannum etuvchi qo‘shiqlar, jozibali raqslar ijro qilindi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, buyuk ajdodimiz so‘zlariga bastalangan badiiy barkamol qo‘shiqlar tinglovchilarning estetik didini yuksaltirish, musiqiy saviyasini oshirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi.