
So’nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar siyosati eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo’lib kelmoqda. Barcha sohalarda muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarda avvalo yoshlar manfaati hisobga olinmoqda. Xususan, kino sohasida ham bu bo’y ko’rsatmoqda. Bugun Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyida O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O’zbekiston Respublikasi Kinematografiya Agentligi o’rtasida memorandum imzolandi.
Ushbu hujjatning ahamiyati shundaki, shu kungacha hech qachon yosh kinoijodkorlarni qo’llab-quvvatlash uchun bunday imkoniyatlar taqdim etilmaganidir desak aslo mubolag’a bo’lmaydi. Memorandumga ko’ra 3 ta qiymati 150 millionga teng, 3 ta qiymati 60 millionga teng va yana qiymati 80 millionga teng 3 ta qisqa metrajli filmlar uchun hamda qiymati 130 millionga teng animatsion film su’ratga olish rejalashtirilmoqda. Ushbu filmlarda so’nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar aks etishi, jumladan, ekologiya muammosini hal etish yo’lidagi saʼy-harakatlar, xalqimizning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan islohatlar, mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi va boshqa muhim voqeliklar aks etishi belgilab olindi.
Yana bir e’tiborli jihati ushbu loyihalarni amalga oshirishda O’zbekiston Respublikasi Kinematografiya Agentligi mab’lag’ va barcha zaruriy texnik vositalarini ta’minlaydi. Yuqorida ko’rsatilgan barcha imkoniyatlar faqatgina O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari uchun taqdim etiladi. Ushbu loyihalarni amalga oshirishda bevosita O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yuldashev badiiy rahbar bo’lishi ta’kidlandi.
Shuningdek, loyiha davomida yosh ijodkorlarga har tomonlama ko’mak berish maqsadida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti “Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati” kafedrasi mudiri, Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi aʼzosi, Kinooperatorlar gildiyasi raisi oʻrinbosari Iqbol Meliqoʻziyev ijodiy guruh rahbari bo’lishi e’tirof etildi.
Albatta ushbu loyihada yosh ijodkor talabalarimiz o’zlarining yuqori salohiyatini ko’rsatib milliy kinochiligimiz tarixida albatta yangi sahifa ochishadi degan umiddamiz.