
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Qо‘g‘irchoq teatri san’ati” kafedrasining “Qo‘girchoq teatri aktiyorligi ta’limi” yo‘nalishi talabalari ishtirokida kafedra mudiri A’zamjon Abduxalilov tomonidan “Oltin jo‘ja” spektakli sahnalashtirildi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, ushbu kafedra tashkil qilingandan buyon qо‘g‘irchoq teatri san’ati sohasining bir qator yо‘nalishlarida oliy toifali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Har bir mutaxassislik auditoriyalari yuqori texnikalar bilan ta’minlangan. Ushbu texnikalar bilan tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri professional spektakllar ishlash mumkin. Kafedrada “Qо‘g‘irchoq yasash texnologiyasi”ni о‘rgatish bilan bog‘liq fan о‘qitiladi. Ushbu fanni о‘rgatish bilan bog‘liq zaruriy jihozlar о‘rnatilgan maxsus ustaxona faoliyat yuritmoqda. Qо‘g‘irchoqlarni yasash uchun barcha sharoitlar yaratilgan ustaxonada, qo‘g‘irchoqlarga liboslar tikish uchun tikuv mashinasi ham о‘rnatilgan. Yuksak malakali pedagoglar bilan bir safda bugunning qо‘g‘irchoq teatri talablariga hamohang texnologiyasini puxta egallagan yosh rassom va dizaynerlar jalb etilgan.
Ana shunday sharoitlardan unumli foydalangan holda tinimsiz mehnat hamda say’-harakatlar natijasida sahnalashtirilgan “Oltin jo‘ja” spektakli Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida davolanayotgan bemor bolajonlar uchun namoyish etildi. Qolaversa, bu spektakldan Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi yoshlar ham bahramand bo‘lishdi.
Qo‘g‘irchoq tomoshalari qiziqarli, jonli shakllarda ijro etildi. Bunday jonli ijro bolalarni ushbu voqealar ishtirokichisiga aylantirdi. Bolalarning tomoshalarni turli texnik vositalar orqali emas, jonli sahnada kuzatishi, yuz berayotgan voqea-hodisalarga kuchli hissiyot, munosabat uyg‘ota oldi. Shu orqali ijodiy dunyosini boyitishga hissa qo‘shib, shaxs sifatida shakllanishiga kuchli ijobiy taʼsir ko‘rsatdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, qo‘g‘irchoq namoyishlari dunyoning ko‘plab mamlakatlarinnig azaliy an’analaridir. O‘rta asrlarda shovqin, odam gavjud maydonlarida bozorlar va sayllarda xalq uchun qo‘g‘irchoq teatri namoyishlari o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Amir Temur hamda Temuriylar hukmronligi davriga kelib, ipli qo‘g‘irchoq hamda qo‘lqopli qo‘g‘irchoq teatrlari keng tarqala boshlagan va ommabop bo‘lgan.
Qo‘g‘irchoq teatri namoyishlari bugungi kunda ham mamlakatimizdagi teatr san’atida o‘z o‘rnini saqlab kelmoqda. Bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatrlari juda ibratlidir. Qo‘g‘irchoqlar tomonidan ijro etiladigan ssenariy bolaga yaqin. Chunki bolalarning ko‘z oldida qo‘g‘irchoqlar jonlanadi, harakatlanadi, raqsga tushadi. Bolalarga yaxshi kayfiyat va ko‘p taassurotlar beradi, ularning qobiliyatlarini rivojlantiradi. Qahramonlar esa mehr-oqibat, yaqinlariga va Vatanga muhabbat, haqiqiy do‘stlik, mehnatsevarlik, orzu-umidlarini amalga oshirishga intilishning namunalari hisoblanadi.