
Joriy yilning 24-iyun kuni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi. Mazkur ta’lim dargohida yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorli bilan yaqindan tanishildi.
Institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev boshchiligida ta’lim dargohi hududida ekilgan mevali va manzarali daraxtlar, turfa gullar mehmonlarning hayratini oshirdi. Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan yuksak samarali hamda juda xayrli ishlarga O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti jamoasi ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shayotgani e’tirof etildi.
Institut rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, prorektorlar ustoz-murabbiylar o‘rtasida o‘tkazilgan o‘zaro muloqot davomida pedagog xodimlar va talaba yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar, institut faoliyati, bu maskanda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumot berildi.
Bu oliy ta’lim dargohida san’at, madaniyat sohalarining ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat sirlaridan bahramand bo‘lgan, ko‘plab ustoz-murabbiylar faoliyat yuritishadi. Tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mulohazalar bildirildi. Shuningdek, mehmonlar institut kutubxonasining ishlash tartibi hamda faoliyatini o‘rganishdi. Kutubxonadagi sharoitlarni, qulayliklarni ko‘rib, bir olam zavq olishdi.
Shuningdek, Abduqodir Toshqulov O‘quv teatri binosida o‘tkazilayotgan Oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari о‘rtasida an’anaviy о‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng faol talabalar teatr studiyasi” Respublika tanlovida ham ishtirok etdi. Finalda Farg‘ona politexnika instituti “Qir guli” talabalar teatr studiyasi tomonidan “Nadomat” spektakli namoyish etildi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston yoshlari erishayotgan muvaffaqiyat va zafarlar zamirida davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik, yaratilgan keng imkoniyatlar, yuksak eʼtibor mujassamdir. Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratilayotgani esa yanada quvonarlidir.