
Atoqli rejissor, ustoz san’atkor Olimjon Salimov ijodiga bag‘ishlangan “Rejissor Olimjon Salimov” nomli kitob nashrdan chiqdi.
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining О‘quv teatrida ushbu asar taqdimotiga bag‘ishlangan marosim tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, yozuvchi, tarjimon, Ibrohim Gʻofurov, O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, publitsist, ssenarist, yozuvchi Erkin A’zam, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Ildar Muxtarov hamda yana bir qator “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar, magistrlar, talabalar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlandiki, mazkur kitob O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi fanlar Akademiyasi, San’atshunoslik instituti bilan hamkorlikda nashr etilgan bo‘lib, O‘zbekiston xalq artisti, ustoz rejissor Bahodir Yo‘ldoshev kitobning so‘z boshini yozgan.
Qayd etildiki, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan San’at arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Olimjon Salimov o‘zbek teatr san’atida dunyo rejissurasining ilg‘or an’analari asosida faoliyat olib borayotgan ijodkor hisoblanadi. U spektakllarini mavjud sharoitdan kelib chiqib sahnalashtirmaydi, balki “o‘z” pyesasini uzoq qidiradi. Ijodiy yo‘liga ahamiyat qaratilsa, uning yangi g‘oyalar, mavzular, yangi ifoda vositalari, yangi sahna tilini qidirib topishdagi harakati yaqqol namoyon bo‘lishini kuzatish mumkin. O‘zining ijodiy amaliyotida rejissor sahnaning tesha-tegmagan qoidalariga amal qiladi. Sahna kengligi, aktyorlar ijrosiga o‘zining tushunchasi, qarashlari, nigohi bilan yondashadi. Har bir ishga sabr-toqat va kuchli ishtiyoq bilan kirishadi.
Aytildiki, Olimjon Salimov yapon dramaturgining “Turna patlari” pyesasiga murojaat qilgan. “Turna patlari” go‘zal yapon ertaklaridan biri bo‘lib, unda yarador turnani saqlab qolgan inson haqida hikoya qilinadi. Rejissor spektakl uslubini bezaklarda, ifodalagan. Qahramonlar uchun yapon milliy liboslaridan foydalangan va buni aktyorlarning ishonchli, mohirona ijrosi bilan uyg‘unlashtirib yuborgan. Shu tariqa jo‘shqin, hissiyotga to‘lib-toshgan ramzlar vujudga kelgan.
Marosim yakunida ta’kidlanganidek, rejissor Olimjon Salimovni oldinda ko‘plab ijodiy g‘oyalar, soha rivojini ta’minlashga qaratilgan muhim vazifalar kutib turibdi. Mazkur kitob qahramonining ibratli ijod yo‘li teatr san’atiga kirib kelayotgan ko‘plab iste’dodli yoshlarning bo‘lg‘usi faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.