Ochiq muloqot o‘tkazildi

Ochiq muloqot o‘tkazildi

Barchamizga ma’lumki, ob-havoning keskin sovishi, talaba va o‘qituvchilarga qishki ta’til davrini o‘z oilalari bag‘rida o‘tkazishlari inobatga olinib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021-yil 25-dekabrdagi 537-sonli buyrug‘iga asosan, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddatining boshlanishi 2021-yilning 25-dekabriga ko‘chirildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev joriy yilning 26-dekabr kuni institut Talabalar turar joylariga tashrif buyurdi va bu yerda yashayotgan talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Barcha yig‘ilganlarni institut ma’muriyati nomidan yaqinlashib kelayotgan yangi – 2022-yil bilan tabrikladi. Kun tartibidagi muhim masalalar xususida gapirdi. Jumladan, talabalarni qishki ta’tilga kuzatish va ta’til vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish va har xil masalalarga to‘xtaldi.
Ochiq muloqot o‘tkazildi
Professor-о‘qituvchilar, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, ustoz-murabbiylar, ishchi xodimlar, tyutorlar qatnashgan majlisda yigit-qizlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlashga qaratilgan muhim vazifalarni o‘z vaqtida bajarish lozimligi aytildi.
Shunigdek, ta’til davomida badiiy kitoblar mutolaa qilish, bayramni ota-onalari va yaqinlari oldida o‘tkazish, mahalla va jamoat tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi tadbirlarda ishtirok etish, tarixiy joylar, muzeylarga sayohatlar uyushtirish, bayram kunlarida turli pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik, Yangi yil bayramini betalofat o‘tkazish kabi masalalar xususida tushuntirish berildi.
Ta’kidlandiki, har bir tyutor talabalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, ularning ta’lim olishi, ilm bilan shug‘ullanishi, yashashi va dam olishi uchun sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi.
Yigit-qizlarning o‘quv intizomini mustahkamlash, ularda ijodiy fikrlash, halollik, to‘g‘ri so‘zlik kabi xislatlarni shakllantirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yadi. Iqtidorli, iste’dodli talabalarni aniqlab, ularning turli tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etishiga ko‘maklashadi.
Institutning mas’ullari vatan oldidagi burchini dildan his qilib, kasbiga fidoyilik kо‘rsatgan holda har bir magistrga, talabaga о‘z farzandidek munosabatda bо‘lishi, ularga mehr kо‘rsatishi, har tomonlama qо‘llab-quvvatlashi kerak. Pedagoglar el-yurtga ma’rifat ulashib, ma’naviyat chashmasidan bahramand etib, odamlarning izzat-ikromiga sazovor bo‘lishi kerak. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda uztoz-murabbiylarning mehnatini qadrlash, ta’limning sifatini, samaradorligini oshirish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘qituvchi o‘z faoliyatida ilmiy salohiyatini, bilim darajasini tinimsiz oshirib borishi, sidqidildan mehnat qilishi, pedagogik mahoratini yuksaltirishi, jamoa o‘rtasida katta hurmatga loyiq bo‘lishi lozim.
Etirof etilganidek, mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Vatanimizning qudratini belgilaydigan omillarning eng asosiylaridan biri, shubhasiz, shu yurtda voyaga yetayotgan yuksak maʼnaviyatli, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avloddir. Yurtning kelajagi bugun kamolga yetayotgan yoshlar qo‘lida.
Samimiy ruhda о‘tgan uchrashuvda madaniyat, san’at sohasining о‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritildi. Talabalar о‘zlarini qiziqtirgan savollariga tegishli javoblar olishdi. Uchrashib davomida talabalar rektorga Talabalar turar joylarida stol tennisi tashkil qilish taklifini berdilar. Taklif ma’qullandi va shu kuning o‘zida tashkil qilindi.
Ochiq muloqot o‘tkazildi

image_pdfimage_print