O‘zDSMIni 40 yil avval tamomlagan sobiq kursdoshlar uchrashdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga mazkur oliygohni qirq yil avval tamomlagan Kutubxonashunoslik fakultetining sobiq talabalari tashrif buyurdi. Ular 1982-yil o‘qishni tamomlagan (o‘sha vaqtlarda mazkur ilm maskani Abdulla Qodiriy nomidagi Madaniyat instituti deb atalardi), oradan qirq yil vaqt o‘tgach, yana o‘zlari ta’lim olgan dargohga kelishdi. Tashrif buyurganlar orasida Respublikamizning deyarli barcha hududlarida istiqomat qiladigan shaxslar bor edi.
Mehmonlarni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Ibrohim Yuldashev kutib oldi. Muhammad Yusuf nomidagi ko‘shkda boshlangan suhbat davomida esda qolarli voqealar yodga olindi. Shu bilan birga, ushbu shaxslarga dars bergan marhum ustozlar xotirasiga tilovat aytildi. Mehmonlar institutning zamonaviy qiyofasidan, talabalarga yaratilayotgan shart-sharoitlardan hayratda ekanliklarini aytib o‘tdi.
Shuningdek, mehmonlar institut kutubxonasi, talabalar turar joyiga tashrif buyurib, hozirgi yoshlarga havasda ekanliklarini ta’kidladi.
“Bizning davrda faqat bitta bino pishiq g‘ishtdan qurilgandi. Kutubxonamiz pastakkina binoda joylashgandi. Hozirgi yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarni ko‘rib, to‘g‘risi, havas qilyapman. O‘zimning ham qaytadan tahsil olgim kelyapti. Afsus, yoshimiz o‘tdi. Shuning uchun, talabalarga faqatgina o‘qishi lozimligini aytmoqchiman”, — dedi tashrif buyurgan mehmonlardan biri.
Shundan so‘ng yig‘ilganlar Kutubxona-axborot faoliyati fakultetining 1-bosqich talabalari bilan uchrashdi hamda yosh yigit-qizlarga o‘z talabalik davrlari, hozirgi faoliyati haqida so‘zlab berib, ularni shijoat bilan bilim olishga undadi.
Tadbir qiziqarli ruhda o‘tkazildi hamda mehmonlar tomonidane yoshlarga foydali maslahatlar berildi.
Quyida ushbu tadbirlarga oid fotosuratlar jamlanmasini tomosha qilishingiz mumkin.