O‘zDSMIga Oliy Majlis Senati a’zolari tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi vakillari oliygoh tashrif buyurdi.
Davra suhbatida senatorlar institut rahbariyati bilan uchrashib, taklif va muammolarni tingladi hamda sohadagi dolzarb masalalarni hal qilish yuzasidan fikr almashdi.
“Bugungi kunda sohamizda keng qamrovdagi islohotlar olib borilmoqda. Bu kabi o‘zgarishlarni har bir madaniyat xodimi his qilishi lozim. Hozirgi kunda talabalarning nafaqat dars jarayonida, balki bo‘sh vaqtida ham turli to‘garaklar orqali sohaga oid ko‘nikmalarini boyitishga harakat qilyapmiz”, dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Shuningdek, senat a’zosi Dilorom Toshmuhamedova ham mazkur tashrif mohiyati haqida fikr bildirdi.
“Ushbu tashrifdan maqsad — Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar ijrosi bilan tanishish sanaladi.
Ma’naviy muhit barqaror bo‘lmasa, hech qanday islohotlar qila olmaymiz va hech qanday natijaga erisha olmaymiz. Shu bilan birga, rivojlangan mamlakatlarning hayot tarzi ta’lim bilan bog‘liq.
Ta’lim borasida olib borilayotgan islohotlar zamirida yurtboshimiz tomonidan madaniy ta’limga alohida urg‘u berildi.
Ushbu islohotlarga monand tarzda, madaniyat dunyoni qutqaradi, deb o‘ylayman. Shu bois, islohotlarni amalga oshirishda sizlarnig hissangiz yuqori”, – dedi Dilorom Toshmuhamedova.
Tashrif davomida senatorlar institutdagi axborot-resurs markazi hamda dars jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Qolaversa, kafedralarning professor-o‘qituvchilari bilan fikr almashildi, shuningdek, talabalar bilan suhbat tashkil etildi. Bundan tashqari, mehmonlar iqtidorli yigit-qizlarning ijod namunalaridan bahramand bo‘lishdi.
Xalq ijodiyoti fakulteti 2-bosqich talabasi Xayrulla Oʻroqov g’ajir nay musiqa asbobida kuy chaldi.