O‘zDSMIda “Qadring baland bo‘lsin, ey ona tilim” nomli konsert dasturi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ey ona tilim” nomli konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Unda institut rahbariyati, professor o‘qituvchilar, el suygan sozandalar hamda iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi. Konsert dasturi avvalida oliygoh rektori, professor Ibrohim Yuldashev so‘zga chiqib, o‘zbek tilining ahamiyati beqiyos ekanligini ta’kidladi.
“O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘ldi. Aslida bunga erishish oson bo‘lmagan. “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinishi barchamiz uchun quvonarli hol bo‘ldi. Har birimizning zimmamizda o‘z tilimizni go‘zalligi, nafosati bilan kelgusi avlodga yetkazishdek muqaddas burch turibdi. Til — millatning ruhi”, – dedi Ibrohim Yuldashev.
Konsert dasturi davomida elimiz suygan san’atkorlar o‘z ijod namunalari bilan tomoshabinlarni bahramand etishdi. Qolaversa, doiralar raqsi, so‘z o‘yini kabi chiqishlar tashrif buyurganlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bayram shodiyonalari davom etadi.