
Joriy yilning 29-iyul sanasidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Aktyorlik san’ati (estrada aktyorligi), Aktyorlik san’ati (musiqali teatr aktyorligi), Xalq ijodiyoti (ashula va raqs) Aktyorlik san’ati (dramatik teatr va kino aktyorligi) yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.
Ijodiy imtihonlar institutdagi o‘quv binolarida tashkil etildi. Imtihonlar oʻtkazilishidan oldin abituriyentlar roʻyxatdan oʻtish vaqtida koʻrsatgan telefon raqamiga SMS xabarnoma yuborilib, ularga imtihon oʻtkazish sanasi, joyi va vaqti maʼlum qilingan.
Xolislik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida har bir imtihon oʻtkazish joyi kuzatuv kameralari bilan jihozlandi va ota-onalar uchun farzandlarining imtihon topshirish jarayonini onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan, – deydi О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev. – Imtihonlarni yuqori saviyada, shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida malakali, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tajribaga ega mutaxassislar, mamlakatimizdagi nufuzli nashrlarlarning bosh muharrirlari jalb etilgan. Abituriyentlarga gigiyena talablariga rioya qilgan holda suv va boshqa salqin ichimliklarni tarqatilishi tashkil qilingan.
Darhaqiqat shu o‘rinda aytish lozimki, imtihonlarni adolatli va xolis oʻtkazish maqsadida ijodiy imtihonlar komissiyasi raislari va aʼzolari tajribali, halol, pok, masʼuliyatli professor-oʻqituvchi va xodimlardan tashkil topgan. Ijodiy imtihonlarni ota-onalar va abituriyentlardan tashkil topgan ko‘ngillilar guruhi jonli ravishda imtihonlar o‘tkazilayotgan xonalarga kirib, jarayonlarni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Ovoz rejissorligi va operatorlik mahorati kafedrasi, Kinoteleoperatorlik hamda Animatsiya rejissurasi ta’lim yо‘nalishi talabalari ijodiy imtihon jarayonlarini video tasvirga olib bormoqda. Shuningdek, abituriyentlarning ota-onalari va kuzatuvchilar uchun muassasa hududida imtihonni sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda tashkil etish, jarayonlarni videotranslyatsiya qilish, navbatchi tez tibbiy yordam avtomashinasi bilan taʼminlash, jarayonlar haqida tezkor axborot berish, imtihon jarayonlariga ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari, blogerlarni taklif etish boʻyicha ham samarali ishlar amalga oshirilgan.
Imtihon jarayonlari videokameralar orqali yozib olinishi va zarurat tug‘ilganida istagan paytda uni qayta ko‘rish imkoniyatining mavjudligi ijodiy imtihonlarning ochiq, adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun amalga oshirilgan, – deydi Namangan viloyatidan kelgan abituriyentning onasi Anvara Ergashova. – Men ham kuzatuvchi ota-onalar safida bo‘lib, imtihon uchun ajratilgan xonalar va imtihon topshiruvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdim va juda mamnun bo‘ldim. Farzandlariga ruhiy dalda bo‘lib, ular bilan hamroh bo‘lib kelgan ota-onalar va mehmonlar uchun institut hududida salqin ichimliklar va shinam kutish joylari tashkil qilingani ham yanada quvonarlidir. Buni qarangki, imtihonlarni talab darajasida o‘tkazish maqsadida ichki ishlar va tibbiyot xodimlari ham jalb qilingan.
Imtihonga tashrif buyurgan ota-onalar tomonidan ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ta’lim sohasi rivojlangani sayin yoshlarning oliy ma’lumot olishga bo‘lgan intilishi ham kuchayib bormoqda. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi yil sayin ortmoqda. Mamlakatimizda qabul qilinayotgan qarorlar, ilgari surilayotgan tashabbuslar asosida manzilli imtiyozlar kengayib bormoqda.
–Nabiram O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida hujjat topshirganidan juda quvondim, – deydi qo‘shrabotlik Izzat aya Jiyanova. – U hozir ijodiy imtihonni topshirmoqda. Men ham juda hayajondaman. Nabiram ijodiy imtihonlar adolatli bo‘lishiga qattiq ishonadi va bu naqadar asosli ekanligini o‘zim ham ko‘rib, kuzatib turibman. Ajratilgan bino va auditoriyalar sifatli videoyozuv jihozlari bilan ta’minlangan. Jamoatchilik nazorati kuchaytirilgan. Murojaatlar bilan ishlash, call-markaz faoliyati to‘g‘ri tashkil etilgan. Mana hamma shart sharoitlar yaratilgan. Barcha imtihon qatnashchilariga omad tilayman.
– Yurtimizdagi barcha yoshlarning tashabbus va iqtidorlarini namoyon etishlari uchun qulay shart-sharoit yaratish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir, – deydi chortoqlik abituriyent Ra’noxon Ahmadjonova. – Ushbu imtihonda professor-о‘qituvchilar yoshlarning iqtidori, iste’dodiga, bilim darajasiga jiddiy ahamiyat qaratishmoqda. Bu esa yoshlarning yangi qirralarini kashf etishga xizmat qilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular odilona va shaffof tarzda baholab borishmoqda. Mana shu jarayonlarni esa ota-onalar va boshqa xohlovchilar masofadan turib onlayn tarzda internet orqali tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri kuzatib borishmoqda. Har bir abituriyentning ishtiroki videoyozuvga olinmoqda. O‘z navbatida, men ham mahoratimni, iqtidorimni, qobiliyatimni namoyish etishga harakat qildim.
Darvoqe, korrupsiya bilan bog‘liq savollarning yuzaga kelishining oldini olish maqsadida ijodiy imtihonlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, mahalla raisi, nuroniylar vakillari, ota-onalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ishtirokida o‘tkazilmoqda hamda barcha jarayonlar so‘nggi rusmdagi kuzatuv kameralari orqali maxsus ekranlarda va YouTube videoxostingida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilinmoqda.