O‘zDSMIda buyuk kompozitor, benazir sozanda va xofiz, akademik Yunus Rajabiy nomidagi ijodiy o‘quv xonasi tashkil etildi

Muhtaram yurtboshimiz tomonidan 2023-yil mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilingan ilk kunlardanoq yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ajdodlarimizdan qolgan noyob ilmiy-ijodiy va tarbiyaviy merosimizni yosh avlodga yetkazish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Ana shunday xayrli ishlardan yana biri bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida amalga oshirildi. Institutda XX asr o‘zbek musiqa san’atiga ulkan hissa qo‘shgan san’atkor Yunus Rajabiy nomi bilan ataluvchi ijodiy o‘quv xonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut rahbariyati, el suygan san’atkorlar, Rajabiylar sulolasi a’zolari, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida taniqli kompozitorning farzandi Hasan Rajabiy va nabirasi Aziz Rajabiylar bevosita ishtirok etib, institut rahbariyatiga ko‘rsatilgan e’tibor uchun o‘z tashakkurlarini bildirishdi.