O‘zDSMI va TURKSOY o‘rtasida memorandum imzolandi

9-sentyabr kuni Xalqaro turkiya madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibiyati delegatsiyasi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda TURKSOY o‘rtasida o‘zaro ilmiy-amaliy hamkorlik memorandumini imzolash, qolaversa, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan nashrga tayyorlangan “Muhammad Yusuf. Saylanma” (“Muhammed Yusuf. Seçmeler”) kitobining taqdimoti marosimini o‘tkazish edi.
Dastlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yuldashev so‘zga chiqib,TURKSOYning turkiy dunyo madaniyati, jumladan, o’zbek madaniyatini tanitishda hissasi yuqori ekanligini aytib oʻtdi. Shu bilan birga, Ibrohim Yuldashev O’zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning “Saylanma”si Turksoy bilan hamkorlikda chiqarilganligini ham alohida ta’kidladi.
TURKSOY rahbari Sultan Rayev esa O‘zbekistonning turkiy mamalakatlar madaniyatida qo‘shgan o‘rni haqida, qolaversa, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ijodi to‘g‘risida iliq fikrlarni bildirdi.
Shuningdek, TURKSOY rahbarining o‘rinbosari Bilol Chakirji ham so‘zga chiqib, xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan nashrga tayyorlangan “Muhammad Yusuf. Saylanma” kitobi to‘g‘risida fikr bildirdi hamda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf hayoti va ijodi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tashrif davomida ikki tomon oʻrtasida xalqaro memorandum imzolandi.
Qolaversa,Turkiy dunyo oliy ta’lim muassasalari talabalarining teatr festivalini kelgusi yilning may oyida O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o’tkazishga kelishib olindi.