Stol tennisi musobaqasi, ijodiy kunni oʻtkazish tartibi — OʻzDSMI rektori 1-TTJga tashrif davomida qanday masalalarni ilgari surdi?

Bugun Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rahbariyati 1-talabalar turar joyi faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvda institut rektori, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor, dekanlar hamda faol talabalar ishtirok etdi.
Oliygoh rektori, professor Ibrohim Yuldashev yotoqxonada yaratilayotgan shart-sharoitlar, belgilangan vazifalar ijrosi hamda Talabalar kengashining faoliyatini tahlil qildi.
Shuningdek, Ibrohim Yuldashev yosh yigit-qizlarning sportga boʻlgan qamrov darajasini kengaytirish borasida topshiriqlar berdi. Jumladan, talabalar oʻrtasida sportning stol tennisi, shaxmat, shashka, futbol, voleybol, basketbol, boks kabi toʻgaraklariga talabalarning qiziqishini oshirirish, ularni kerakli sport buyumlari bilan taʼminlash borasidagi vazifalarni ilgari surdi.
Qolaversa, rektor tomonidan ijodiy kun hisoblangan shanba kunida talabalarni madaniyat va sanʼat dargohlari bilan tanishtirish, kitobxonlik bayramini oʻtkazish, tanlov va festivallar, sport turnirlari tashkillashtirish lozimligi taʼkidlandi. Shu jumladan, noyabr oyida talabalar oʻrtasida stol tennisi musobaqasi oʻtkazilishi belgilab olindi.
Uchrashuv soʻngida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda ularda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼul xodimlarga topshiriqlar berildi.