1

O‘zDSMI qoshida ilmga chanqoq talabalar uchun “Yoshlar klubi” tashkil etiladi

O‘zDSMI qoshida ilmga chanqoq talabalar uchun "Yoshlar klubi" tashkil etiladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov Xalq ijodiyoti fakulteti talabalari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Fakultetning barcha bosqich talabalarini qamrab olgan uchrashuvda talabalar o‘z muammo va takliflarini bildirdi. Institut rahbariyati tomonidan ushbu muammo va takliflar ijrosini ta’minlash maqsadida tegishli topshiriqlar berildi.

Jumladan, talabalarning amaliyot darslarini tegishli madaniyat va san’at muassasalarida tashkil etish orqali ularni kelgusida ish jarayonining muhiti bilan tanishtirish, shu orqali talabalarda kasbiy faoliyat bo‘yicha ko‘nikmalar shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ilmiy faoliyatga qiziqishi bor hamda maqolalar yozish qobiliyatiga ega yoshlar yetakchiligida “Yoshlar klubi” tashkil etilishi belgilandi. Ushbu klubda ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangiliklardan boxabar bo‘lish, maqolalar yozish hamda ularni mahalliy va xorijiy nashrlarda chop ettirish borasida ko‘nikmaga ega bo‘lish va boshqa bir qator yo‘nalishlarda bilim olish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Qolaversa, avvalgi davra suhbatlarida bildirilgan takliflar ijrosi o‘laroq, institutda folklor to‘garagi ishga tushirilgani hamda unda institutning barcha talabalari ishtirok etishi mumkinligi aytib o‘tildi. Bundan tashqari, yana bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha bepul to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirildi.

Ochiq suhbat davomida institut rahbariyati tomonidan talabalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi hamda ularda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan barcha ishlar amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tildi.