1

O‘zDSMI delegatsiyasi 23-28-fevral kunlari Ozarbayjonga tashrif buyuradi. Ushbu tashrifdan nimalar kutilmoqda?

O‘zDSMI delegatsiyasi 23-28-fevral kunlari Ozarbayjonga tashrif buyuradi. Ushbu tashrifdan nimalar kutilmoqda?

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi 23-28-fevral kunlari Ozarbayjon Respublikasiga tashrif buyuradi. Tashrif davomida oliygohimiz hamda Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari bilan bir qator shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Jumladan, 24-fevral sanasida O‘zDSMI delegatsiyasi Boku davlat universitetiga tashrif buyuradi, unda O‘zDSMI rektori v.b. Eldor Shermanov hamda mazkur ta’lim dargohi rektori Elchin Babayev o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Boku davlat universitetining Kutubxona-axborot fakulteti bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Kutubxona-axborot faoliyati fakulteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash ko‘zda tutilgan.

Tashrif davomida universitet fakultetlari bilan tanishish, innovatsion o‘quv jarayonida qatnashish rejalashtirilgan.

Shu kuni O‘zDSMI delegatsiyasi Ozarbayjon milliy konservatoriyasiga tashrif buyurib, o‘quv muassasasi rahbariyati bilan uchrashadi.

Ozarbayjonga tashrifning ikkinchi kuni, 25-fevralda delegatsiya Bokudagi Haydar Aliyev markazi hamda G‘alaba bog‘ini ko‘zdan kechiradi. 26-fevral sanasida esa delegatsiya Ozarbayjon milliy gilam muzeyining ish jarayonini o‘rganadi.

27-fevral dasturida Ozarbayjon davlat madaniyat va san’at universiteti faoliyati bilan tanishish, ADMIU rektori Jeyran Mahmudova bilan uchrashish hamda Ozarbayjon davlat madaniyat va san’at universiteti bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash rejalashtirilgan. Shu kuni O‘zDSMI vakillari Ozarbayjon milliy fanlar akademiyasiga tashrif buyurib, hamkorlik aloqalarini muhokama qiladi.

Ushbu jarayonlarni bevosita O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti matbuot kotibi Pirmuhammad Xolmaxmatov yoritib boradi.