1

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun “Usmon Nosir” spektakli namoyish etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun "Usmon Nosir" spektakli namoyish etildi

“Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga (PQ–125-son, 10.02.2022 y.) binoan, mamlakatimizda keng qamrovli targ‘ibotchilik ishlari olib borilmoqda.

Shu jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo asari asosida “Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilafruz Tangriyeva rejissyorligida hamda “Dramatik teatr va kino aktyorligi” yo‘nalishi talabalari ishtirokida shoirning hayoti va ijodi aks ettirilgan “Usmon Nosir” spektakli sahnalashtirildi.

Bugun O‘zDSMI o‘quv teatrida mazkur sahna asarining namoyishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur spektaklga pyesa muallifi, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari ham tashrif buyurdi.

“Ushbu spektakl otashin shoir Usmon Nosirning 110 yilligiga bag‘ishlangan. Usmon Nosir kabi buyuk shoirlar aziyat chekib, o‘sha davr qurboniga aylangan. Biz bunday kunlardan xulosa chiqarib, shukronalik hissini tuyimishimiz lozim. Mazkur sahna asari orqali to‘g‘ri xulosa chiqara olasiz degan umiddaman”, – dedi O‘zDSMI rektori, professor Ibrohim Yuldashev.

“Usmon Nosir to‘g‘risida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lsangiz kerak. Uning hayoti haqiqiy ibrat maktabi bo‘la oladi. 25 yoshli yigitcha buyuk iste’dod sohibi bo‘lgani sababli Sibirga surgun qilindi va davr qurboniga aylandi. Shunday bo‘lsa-da, uning she’rlari, asarlari hamisha barhayot bo‘ladi”, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo.

Spektakl o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lib, voqealar ketma-ketligi asosida Usmon Nosirning bolalik, yoshlik davri hamda tergov jarayonidagi obrazlari gavdalantirilgan.