
Joriy yilning 2-mart kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev erta tongdan mazkur ta’lim dargohining 2-Talabalar turar joyiga tashrif buyurdi. Bu yerda istiqomat qilayotgan talabalar bilan suhbatlashdi ularning yashash sharoitlari bilan tanishdi. Yangi muzlatkichlar, har bir xonaga qo‘shimcha kravotlar, yangi kir yuvish mashinalari berilgan. Bunday e’tibordan esa talabalarning quvonchi cheksiz. Professor Ibrohim Yо‘ldoshev Talabalar turar joyida yangi tashkil etilgan kutubxonaga kirdi. Ushbu ziyo maskanidagi adabiyotlar talabalarning o‘qishi, izlanishlari, dars tayyorlashlari uchun beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur kutubxonada professor Ibrohim Yо‘ldoshev tashabbusi bilan О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida institut rahbariyati, professor-о‘qituvchilar, dekan va dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, ustoz-murabbiylar, tyutorlar, talabalar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Dastavval, Ibrohim Yо‘ldoshev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 1-mart kuni xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi hamda ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan muhim vazifalar, mamlakatimizda amalga oshiriladigan huquqiy va ijtimoiy o‘zgarishlar, bu borada mazkur institutning oldida turgan muhim ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan, – dedi professor I.Yо‘ldashev. – Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi mavqeini yanada yuksaltirish, ularning ijtimoiy-siyosiy islohotlardagi ishtirokini faollashtirish, oila, onalik va bolalik manfaatlarini himoyalashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan yuksak natijalarga erishilmoqda. Qizlarning yaxshi ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi Prezidentimizni hamisha o‘ylantiradigan masalalardan biri. Videoselektor yig‘ilishida ham ular uchun ta’lim sharoitlarini kengaytirish bo‘yicha tarixiy qarorlar qabul qilindi. Jumladan, 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi. Dastur doirasida, poytaxtimizda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi.
Paxta-to‘qimachilik va pillachilik klasterlari ishtirokida joylarda universitetning texnikumlari ham ochiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab, ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun qizlarga ilk marotaba 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Buning uchun, joriy yilda banklarga 1 trillion 800 milliard so‘m, kelgusi besh yilda 8 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab, magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lanadi.
Jamiyatimizda olima ayollar ulushini sezilarli oshirish uchun doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.
Monomarkazlar va oliygohlar qoshida Malakani baholash markazlari tashkil etish, ayollarni talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblarga o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Majlis davomida talabalarning darsga qatnashishi, kunlik davomati, ularning tartib-intizomi haqida ham fikr yuritildi. Institutda о‘rnatilgan ichki tartib qoidalariga amal qilmayotgan talabalarning ota-onalari bilan alohida suhbatlar o‘tkazilishi kerak, ekanligi aytildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli, “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati, ularda belgilangan muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Qayd etildiki, yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlovchi, keng dunyoqarash, chuqur bilimga ega bo‘lgan tashabbuskor, shijoatli yoshlarning faolligini yanada oshirish masalasi ustozlardan yuksak kasbiy mahoratni talab etadi. Madaniyat sohasida bo‘lajak kadrlarni tayyorlash jarayonida institut auditoriyalaridagi sifatli darslar va amaliyot davomida olingan nazariy hamda amaliy bilimlarning roli beqiyosdir.
Yig‘ilishda Talabalar turar joylaridagi sanitariya gigiyena holatlari, yotoqxonalarni yangi jihozlar bilan ta’minlash, qizlar uchun tikuvchilik xonalarini tashkil etish, yoshlar о‘rtasida kitobxonlikni yanada rivojlantirish ishlari haqida fikr bildirildi. Ta’lim dargohining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayonlariga tadbiq etish borasida bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilandi.
Ushbu yig‘ilishda barcha ishtirokchilarning kelgusidagi istiqbolli rejalari belgilab olindi.