
Bugun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston davlat rus akademik teatri bosh rejissyori Valixon Umarov hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining iqtidorli talabalari ishtirokida ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
“San’atshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur davra suhbatida ustoz ijodkor aktyorlik hamda rejissyorlikka oid o‘z bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’lumot uchun, ayni vaqtda O‘zbekiston davlat rus akademik teatri bosh rejissyori sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan Valixon Umarov teatr sahnasida “Hayrat ul-abror” (Alisher Navoiy) hamda “Gamlet” (Uilyam Shekspir) asarlarini sahnalashtirdi. Shuningdek, zamonaviy mavzudagi “Tanho qayiq” (Erkin A’zam), “Ko‘chki” (Turjan Jujano‘g‘lu) kabi spektakllar tomoshabinlar qalbidan joy olgan.
Shu bilan, 2003-2013 yillarda O‘zbek Milliy akademik drama teatrida bosh rejissyor sifatida ishlagan mutaxassis “Kunduzsiz kechalar”, “Adibning umri”, “Alpomishning qaytishi”, “Bir qadam yo‘l”, “Ogoh bo‘ling, odamlar” kabi sahna asarlari yaratilishida ulkan hissa qo‘shgan.