
Xabaringiz bor, “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga (PQ–125-son, 10.02.2022 y.) binoan, mamlakatimizda keng qamrovli targ‘ibotchilik ishlari olib borilmoqda.
Shu jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo asari asosida “Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilafruz Tangriyeva rejissyorligida hamda “Dramatik teatr va kino aktyorligi” yo‘nalishi talabalari ishtirokida shoirning hayoti va ijodi aks ettirilgan “Usmon Nosir” spektakli sahnalashtirilmoqda. Bugun ushbu spektaklning navbatdagi namoyishi bo‘lib o‘tdi.
E’tiborga molik jihati, ushbu sahna asarini tomosha qilish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari ham tashrif buyurdi.
Spektakl o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lib, voqealar ketma-ketligi asosida Usmon Nosirning bolalik, yoshlik davri hamda tergov jarayonidagi obrazlari gavdalantirilgan.
Mazkur sahna asari tashrif buyurgan mehmonlarning olqish va maqtovlariga sazovor bo‘ldi.