1

O‘zbek musiqa san’atini dunyoga tanitish yo‘lida

O‘zbek musiqa san’atini dunyoga tanitish yo‘lida

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov “Folklor va etnografiya” kafedrasi o‘qituvchilari bilan suhbat uyushtirib, kafedra amalga oshirayotgan vazifalarni muhokama qildi.

Suhbat jarayonida muammolar o‘rganildi. Jumladan, xalq kuylari, folklor qo‘shiqlari va retro taronalarimiz notalashtirish ishlari sust yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Shu bois, kelgusida notalashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratilib, ushbu soha bo‘yicha faoliyat olib borayotgan malakali xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi aytib o‘tildi.

Bu o‘zbek milliy musiqa san’atini jahon mamlakatlariga targ‘ib etish yo‘lida ulkan qadam bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, institutda turistik firmalar bilan matbuot anjumani o‘tkazish hamda ular bilan hamkorlik orqali musiqa san’atimiz bilan dunyo xalqlarini tanishtirish ustuvor vazifalarimizdan biri ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, MDH miqyosida tashkil etilgan “Intellektual izlanuvchi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan kafedra o‘qituvchisi Gulxumor Djamolxodjayeva muborakbod etildi.

Qolaversa, institut rektori v.b. Eldor Shermanov kafedra qoshida tahsil olayotgan talabalarning dars jarayonini ko‘zdan kechirdi. Talabalar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar tinglandi. Shu bilan birga, talabalar orkestri tomonidan diltortar musiqa ijro etildi.