
“Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga (PQ–125-son, 10.02.2022 y.) binoan, mamlakatimizda keng qamrovli targ‘ibotchilik ishlari olib borilmoqda.
Shu jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ham O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo asari asosida “Musiqali, dramatik teatr va kino san’ati” kafedrasi katta o‘qituvchisi Dilafruz Tangriyeva rejissyorligida hamda “Dramatik teatr va kino aktyorligi” yo‘nalishi talabalari ishtirokida shoirning hayoti va ijodi aks ettirilgan “Usmon Nosir” spektakli sahnalashtirildi.
Spektakl o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lib, voqealar ketma-ketligi asosida Usmon Nosirning bolalik, yoshlik davri hamda tergov jarayonidagi obrazlari gavdalantirilgan.
Bugun O‘zDSMI o‘quv teatrida mazkur sahna asarining namoyishi bo‘lib o‘tdi. O‘quv teatriga institut rahbariyati ham tashrif buyurdi va spektakl ular tomonidan yuqori baholandi.
Qolaversa, ushbu jarayonni yoritishda “Madaniyat va ma’rifat telekanali” xodimlari ham faol ishtirok etishdi.
“Usmon Nosirning 110 yillik yubileyi arafasida institutimizda shoirning hayoti va ijodiga oid spektakl sahnalashtirildi. Ushbu sahna asari orqali Sobiq Ittifoq davrida unga qilingan zulm, qiyinchiliklarni tomosha qilib, bugungi yoshlar shukronalik tuyg‘usini, qolaversa, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini anglab yetishi kerak. Spektakldagi rollarni institutimiz talabalari ijro etishi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki talabalarning rol ijro etishi o‘zidagi shijoatni oshishiga, yurtimizdagi islohotlardan minnatdor ekanliklarini bildirishga zamin yaratadi”, dedi Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Eldor Shermonov.