1

O‘quv teatri faoliyati tubdan takomillashtiriladi

O‘quv teatri faoliyati tubdan takomillashtiriladi

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida teatrlarda yangi asarlarni sahnalashtirishni qo‘llab-quvvatlash hamda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Teatr san’atini rivojlantirish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalasi ilgari surilgandi.

Ushbu vazifalar ijrosi o‘laroq, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori v.b. Eldor Shermanov O‘quv teatri faoliyati bilan tanishdi.

Uchrashuv davomida O‘zDSMI o‘quv teatrida sahnalashtiriladigan spektakllarni moliyalashtirish hamda namoyish etiladigan spektakllar uchun onlayn chiptalar savdosini yo‘lga qo‘yish borasida ishlar amalga oshirilishi lozimligi ta’kidlandi.

Qolaversa, iqtidorli ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga har tomonlama ko‘mak berish, xodimlarning xorijiy mamlakatlar tajribasi bilan tanishishi uchun sharoit yaratilishi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Shu bilan birga, O‘quv teatri zamonaviy tarzda jihozlanishi hamda haqiqiy teatr muhiti yaratilishi haqida aytib o‘tildi.

Suhbat jarayonida xodimlar tomonidan takliflar tinglandi va ularda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.