
Yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yillik tantanalariga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in ruhda davom etmoqda.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ham mazkur bayram jarayoniga o‘z hissalarini qo‘shmoqda. “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur ayyomga oliygohning 200 nafarga yaqin talabasi bevosita ishtirok etish uchun jalb etilgan. Mazkur talabalarning tantanalarga tayyorlanishi uchun institutda barcha sharoitlar yaratilmoqda. O‘quvchilarga yotoqxonada imkoniyatlar hozirlanishi bilan bir qatorda, ularga kunlik 4 mahal taom tayyorlanib, ulashilmoqda.
Tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdik hamda ustozlar va ishtirokchi-talabalarning mazkur bayram haqidagi fikrlariga quloq tutdik. Dastlab Teatr san’ati fakulteti dekani Ma’murjon To’rayev o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
— Mustaqillik bayramining 31 yillik bayramiga tayyorgarlik jarayoni qanday kechmoqda?
— Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi keng miqyosida nishonlanadi. Mustaqillik — buyuk neʼmat, bu soʻzning oʻziyoq kishini larzaga soladi. “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida oʻtkazilayotgan joriy yilgi tantanalarda 200 ga yaqin talabamiz ishtirok etmoqda. Talabalar bepul yotoqxona, bepul oziq-ovqat bilan taʼnimlanmoqda. Qolaversa, Yangi Oʻzbekiston bogʻiga Yoʻl-patrul xodimlari boshchiligida xavfsiz holatda maxsus ajratilgan avtobus orqali kelib-ketilmoqda. Shuningdek, Rektorimiz Ibrohim Yuldashevning tashabbusi bilan ushbu talabalarni institut hisobidan moddiy ragʻbatlantirish ham koʻzda tutilgan. Bundan maqsad talabalarni majburiy jalb etish emas, balki ularni boʻlajak ish faoliyatiga amaliy jihatdan tayyorlash hamda sevimli sanʼatkorlari bilan bir sahnada jarayonlarda qatnashish imkoniyatini yaratish hisoblanadi. Biz ham institutdagi faoliyatimizdan tashqari ushbu maskanga tashrif buyurib, qoʻlimizdan kelgan yordamni ayamaslikka harakat qilyapmiz. Barchani yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramining 31 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman!— Ertalab har kuni soat 04:00 11;00 gacha, tushdan so’ng esa yana soat 16;00 dan 22;00 gacha tayyorgarlik jarayonidasiz. Ham dekanlık va bayram tashkiliy ishlari fakultetning yangi o’quv yiliga tayyorgarlik holatiga ham qay darajada e’tibor qarata olyapsiz?
— Albatta, buni o’ziga yarasha qiyinchiliklari mavjud. Chunki yangi o’quv yiliga tayyorgarlik jarayoni ham qizg’in pallaga kirgan. Hukumatimiz soha uchun yangicha fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash maqsadida oldimizga yangidan-yangi muhim bo’lgan vazifalarni qo’ymoqda. Yuqorida aytaningizdek kunning aksariyat qismi “Yangi O’zbekiston bog’i” da o’tmoqda. Ammo institutga qaytgach qancha vaqtim bo’lsa barchasini yangi o’quv yiliga tayyorgarlik bilan bog’liq bo’lgan vazifalarga sarflayapman. O’ylaymanki, yangi o’quv yilini ham ko’tarinki kayfiyatda boshlaymiz.— Bayram tayyorgarligi unga qatnashayotgan talabalarga ba’zi qiyinchiliklarni ham keltirib chiqaradi albatta! Bu ko’proq toliqish bilan bog’liq. Aytingchi ishtirokchi talabalarda kayfiyat qay darajada? Bayramning mohiyatini qay darajada anglashmoqda?
— Bilasizmi men bayramda ishtirok etayotgan har bir talabaning nafaqat o’zini balki ularning ota-onalarini ham haqiqiy millat fidoiylari degan bo’lardim. Bayramda ishtirok etayotgan talabalarning deyali 99 foizi qizlardan tashkil topgan. O’zbek oilasida qiz bola ota-ona ruxsatisiz ostona hatlab ko’chaga ham chiqolmaydi. Ammo ushbu talabalarimizning ota-onalari mustaqillik bayramining mohiyatini chuqur anglagan holda farzandlarini bizga ishonib topshirishdi. Bu institut rahbariyatiga ikki karra mas’uliyat yuklaydi. Fursatdan foydalanib talabalarimizning ota-onalariga institut rahbariyati nomidan minnatdorchilik bildiraman. Talabalarimizda ham kayfiyat a’lo darajada. Yillar o’tadi bir kun kelib ular albatta talabalik davrining oltin davri sifatida ayni shu onlarni eslab g’ururlanishadi.— Bilishimizcha siz musiqali teatr aktyorligi yo’nalishini tamomlagansiz. Qachon endi Ma’murjon To’rayevni ham Mustaqilik bayramidagi chiqishiga guvoh bo’lamiz?
— Ochig’i javob berish juda qiyin (kuladi). Albatta talabalik davrimdan beri ko’plab xalqaro va Respublika tadbirlarida ishtirok etib kelyapman. Mustaqillik bayrami bu yurtimizdagi eng katta va shu bilan birga keng miqyosda nishonlanadigan bayram. Shunga yarasha mas’uliyati ham katta bo’ladi. Hozirgcha tashkiliy ishlarda ishtirok etib tajriba to’playapman. Shu bilan birga vaqt bo’ldi deguncha ijod bilan ham shug’ullanyapman. Hozir aniq ayta olmayman lekin ishonamanki yaqin yillarda bu voqea ham sodir bo’lsa kerak chunki muhtaram yurtboshimiz bugun yoshlarga har qachongidan ko’p ishonch bildiryaptilar. Qolaversa har bir ijodkorda bo’lgani kabi bu eng katta orzularimdan biri. Harakatdan to’xtamaymiz.
Shuningdek, “Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish va boshqarish” yo‘nalishining 4-bosqich talabasi Abdusalomova Ro‘zigul ham bayram taassurotlari haqida gapirdi.
“Mustaqillik bu — tinchlik va hurligimiz asosi hisoblanadi. Nafaqat bolaligimdan, balki yaqin-yaqingacha shunday bayramlarda ishtirok etish istagi yuragim tubida saqlanardi. Aynan institutimiz talabasi bo‘lganligim sababli bo‘lajak bayramda qatnashish nasib etdi. Bundan judayam xursandman. Avvallari shu kabi tantanalarni faqatgina zangori ekran orqali tomosha qilish nasib qilardi. Hozir esa ushbu ayyomda bevosita ishtirok etyapman.
Bayramga tayyorgarlik 8-avgust sanasidan boshlandi. Bizga yaratilgan sharoitlar juda yaxshi. O‘ylashimcha, shart-sharoitlardan boshqa ishtirokchilar ham minnatdor.
Imkoni bo‘lsa, o‘zbek estradasiga yangilik olib kira olgan “Yalla” guruhining bo‘lg‘usi bayramda tinchlik haqida kuylayotgan yangi taronasida raqs ijro etishni xohlardim”, deydi talabamiz.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yillik tantanalari 31-avgust sanasida “Yangi O’zbekiston” bog’ida o’tkaziladi.