Musiqa ilmi qalblarni charog‘on qiladi

Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rahbariyati kafedra o‘qituvchilari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Bundan ko‘zlangan maqsad sifatida ijodkor va faol o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish e’tirof etildi.
“Biz institutdagi barcha soha vakillari bilan uchrashib, ulardagi muammolarni tinglagan holda mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga imkon boricha harakat qilyapmiz. Institutimiz uzoq yillik tarixga ega. Ustoz-murabbiylarning darajasi ham boshqa oliygohlarnikidan aslo kam emas. Ular jamiyat uchun yetuk kadrlarni tayyorlashda fidoyilik ko‘rsatishmoqda. Yil davomida rejalar asosida turli islohotlarni amalga oshirishga hamda xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz”, – dedi institut rektori v.b. Eldor Shermanov.
Kelgusida institut rahbariyati tomonidan quyidagi vazifalar amalga oshirilishi belgilab berildi:
— Jo‘rnavozlar uchun kafedralar kesimida konsertlar tashkil etish;
— Jo‘rnavozlar ishtirokida yil davomida muntazam ravishda madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish;
— Har oy eng faol jo‘rnavozlarni moddiy rag‘batlantirish;
— Salomatligi bilan bog‘liq muammosi bor xodimlar uchun sog‘lomlashtirish masanlari va sanatoriyalarga yo‘llanma olib berish;
— Respublikaning diqqatga sazovor va tarixiy maskanlari bo‘ylab sayohatlar tashkil etish;
— Jo‘rnavozlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash.
“Bu islohotlar mening emas, Prezident tashabbusi asosida amalga oshirilmoqda. “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da har bir xodimga, qolaversa, har bir talabaga imkon boricha ko‘mak berishga harakat qilamiz. Kelgusida talabalardan faqat yuqori natijalar kutib qolamiz. Buning uchun esa ularning sifatli ta’lim olishi uchun qo‘llab-quvvatlaymiz”, – deya qo‘shimcha qildi Eldor O‘ralovich.
Shu bilan birga, musiqiy asarlar va ilmiy maqolalar yaratayotgan bir guruh kafedra o‘qituvchilari institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.