
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining “Sanʼatshunoslik va madaniyatshunoslik” kafedrasi tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Muhsin Qodirov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Muhsin Qodirovning ilmiy-ijodiy merosi” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Ushbu tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ta’lim dargohida yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorli bilan yaqindan tanishdilar. Professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar, magistrlar, talabalar qatnashgan konferensiyada mamlakatimizda san’at va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan samarali islohotlar xususida aytib o‘tildi.
Qayd etildiki, ijodkor kadrlarni tayyorlash pedagoglardan nihoyatda katta masʼuliyatni talab etadi. Chunki ular bo‘lajak sanʼatkorning iqtidorini, iste’dodini yanada shakllanishida katta ko‘mak ko‘rsatishadi. Darhaqiqat, shuni ham ta’kidlash joizki, qo‘shiqchilik, musiqa sanʼati juda uzoq o‘tmishga egadir.
Ta’kidlandiki, Muhsin Qodirov yetakchi teatr munaqqidi bo‘lgan. Uning ilmiy asarlari noyob bibliografik ishlar sirasiga kiradi. M.Qodirovning 45 dan ortiq kitob va 80 ga yaqin ilmiy toplamlarda nashr etilgan maqolalar, qomuslarda nashr etilgan. 120 ta maqola, vaqtli matbuotda elon qilingan. 360 ta maqola va taqrizlar, 40 ga yaqin telekorsatuv va radioeshittirishlarda muallif va boshlovchi sifatida faoliyat korsatgan. Uning rahbarligida 23 kishi dissertatsiya himoya qilgan bolib, shundan sakkiztasi fan doktorlaridir. Muhsin Qodirov 22 ta pyesa va 3 ta tarjima muallifidir. U oz ilmiy tadqiqotlari natijasida teatr folklorshunosligiga asos soldi. U o‘z maqolalari, kitoblari, ilmiy maʼruzalari, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari bilan o‘zbek teatrshunosligining mazkur yo‘nalishiga fanlik maqomi uchun nazariy zamin yaratdi. 1980 – 1990-yillardagi ilmiy izlanishlari tufayli tomosha sanʼatlarini yaxlit va yalpi o‘rganishdan iborat ilmiy yo‘nalishni boshlab berdi. Аslida mazkur ilmiy yo‘nalish M.Qodirovning 1968-yilda chop etilgan “Аlisher Navoiy va sanʼat” risolasidan boshlangan edi. Unda olim buyuk shoir yashagan davrdagi masxara, taqlid, badihago‘ylik, qissaxonlik, voizlik, qo‘g‘irchoq o‘yin, afsungarlik, ko‘z bog‘lash kabi sanʼat turlarini ilk marotaba yaxlit holda tadqiq etgan edi. Muhsin Qodirov o‘z faoliyatida zamonaviy teatr jarayoni, xususan, XX asr o‘zbek teatrining tarixiy taraqqiyoti va uning hozirgi ahvoliga doir ma’lumotlar, dramaturgiya, rejissura, aktyorlik mahorati masalalariga bag‘ishlangan yuzlab maqolalari hamda maʼruzalarida o‘z aksini topdi. Аyniqsa, musiqali drama va qo‘g‘irchoq teatriga alohida eʼtibor berib keldi. Zamonaviy teatr mavzular, muammolari hamma vaqt uning diqqat-eʼtiborida bo‘ldi.
Shundan keyin konferensiya “O‘zbek teatrshunosligining paydo bo‘lishi va rivojlanish yo‘llari” va “O‘zbek teatrshunosligining zamonaviy muammolari” singari yo‘nalishlarda o‘z ishini olib bordi. Konferentsiya davomida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Oʻzaro baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan tadbir ishtirokchilarining maqolalari konferensiya materiallari toʻplamida nashr etiladigan bo‘ldi.