
Joriy yilning 26-aprel kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘zining betakror asarlari orqali o‘zbek she’riyatida o‘chmas iz qoldirgan serqirra ijod sohibi, О‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 68 yilligi munosabati “Vatan yagonasan dilimda doim” nomli adabiy-badiiy tadbir tashkil etildi.
Professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, ishchi xodimlar, talabalar qatnashgan tadbirda institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev so‘z olib, talaba-yoshlarga Muhammad Yusuf hayoti va ijodiy faoliyati, uning adabiy merosi, shoir asarlarining navqiron avlod tarbiyasida tutgan ahamiyati xususida muhim fikrlarni aytib o‘tdi. Shuningdek, Turkiya davlatining Anqara shahrida “Muhammed Yusuf secmeler” nomli turkcha tarjima saylanma kitobi taqdimoti o‘tkazilgani ta’kidlandi. Qayd etildiki, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) tomonidan chop etilgan ushbu kitob taqdimotida shoirning hayot yo‘li, ijodi haqida iliq fikrlar bildirilgan. Shuningdek, poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani, unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgani, “Qora quyosh” spektakli namoyish qilingani va u yig‘ilganlarning barchasiga ma’qul kelgani mamnuniyat bilan e’tirof etildi.
Barchamizga ma’lumki, О‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga biriktirilgan, – deydi professor Ibrohim Yo‘ldoshev. – Ushbu vazifalardan kelib chiqilgani holda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan tadbirlar rejasi belgilab olingan. “Muhammad Yusuf” nomi bilan ataluvchi kо‘shk, shoir ijodi va hayoti aks etgan alohida о‘quv xonasi tashkil etildi. Institut professor-о‘qituvchilari, talabalari ishtirokida “Mangu osmon”, Muhammad Yusufning “Qora quyosh” dramatik dostoni asosida “Qora quyosh” spektakllari sahnalashtirildi. О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor, taniqli rejissor Hamida Mahmudova tomonidan sahnalashtirgan “Mangu osmon” spektaklida Muhammad Yusufning tug‘ilishidan tortib, umrining oxirigacha bо‘lgan voqealar aks ettirilgan. “Mangu osmon” spektakli shoirning hayoti va ijodiy yо‘lini xronologik tarzda namoyon etishga xizmat qiluvchi sahna asari bо‘lib, uning syujet va kompozitsiyasi shoir haqidagi zamondoshlar xotirasi va she’rlari asosiga qurilgan. 2020 – 2021-о‘quv yilidan bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari uchun Muhammad Yusuf hayoti va ijodiga bag‘ishlangan maxsus kurslar tashkil qilindi. “Muhammad Yusuf izdoshlari” to‘garagining faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, barcha ta’lim yо‘nalishlari hamda mutaxassisliklar о‘quv rejasiga Muhammad Yusuf hayoti va ijodi bо‘yicha mavzular kiritildi. Malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyalari mavzulari Muhammad Yusuf hayoti va ijodi bilan bog‘lab о‘rganib borilmoqda. Muhammad Yusufning she’rlaridagi mavzularning xilma-xilligi va rang-barangligi Muhammad Yusufning serqirra ijodkor ekanligini ko‘rsatadi. Bu esa uning hayoti va ijodining yana ham chuqurroq o‘rganishni talab qiladi.
Kechaga mehmon sifatida taklif etilgan Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondi rahbari, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi, shoirning rafiqasi, shoira Nazira as-Salom ushbu ta’lim dargohida amalga oshirilayotgan mana shunday samarali ishlardan juda ham mamnun ekanligini e’tirof etdi.
Qayd etilganidek, Muhammad Yusuf rostgoʻy shoir, halol va pokiza qalb egasi edi. Shoir muhabbat haqida kuylaydimi yoki tariximiz sahifalarini qalamga oladimi, ularda hamisha hayotga, haqiqatga hamnafaslik sezilib turadi. Satlardagi ravonlik, soddalik va xalqonalik sabab shoir sheʼrlari tezda yodda qoladi.
Shuningdek, tadbirda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ishtirokida tashkil etilgan “Muhammad Yusuf she’rlari bilan ijro etilgan qo‘shiqlar” tanlovi g‘oliblariga hamda “Zakovat” intellektual musobaqasining 2-tur o‘yinlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Renessans” jamoasi a’zolariga diplomlar, sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida О‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining bir qator iqtidorli talabalari ishtirokidagi musiqiy dastur yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Muhammad Yusuf so‘zlariga bastalangan badiiy barkamol qo‘shiqlar orqali chin insoniy fazilatlar, ezgulik, odamiylik, mehr va sadoqat tarannum etildi. Bunday qo‘shiqlar esa tinglovchilarning estetik didini yuksaltirish, musiqiy saviyasini oshirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ashulalarni ijro etgan har bir talabaning iqtidori, iste’dodi esa alohida e’tirofga loyiqdir.