
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Sultoniya” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 308-umumta’lim maktabida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Go‘zal navolar ostida ko‘tarinki kayfiyatda boshlangan tadbirda yurtimizda sermahsul ijod qilayotgan san’at va madaniyat vakillari, o‘z ijodiy tajribalari bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgan ustoz san’atkorlar, О‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari, О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan artistlar, estrada xonandalari, institut professor-о‘qituvchilari, talabalar tomonidan odamlar qalbidan o‘rin egallagan mumtoz ashulalar aytildi, shо‘x qо‘shiqlar, raqslar ijro qilindi. Iqtidorli talabalar xalqimizning taniqli aktyorlari, xonandalari, qiziqchilarining ovozlariga taqlid qilishdi. Ulugʻ sanʼatkorlarning dil izhorlari yig‘ilganlarning kayfiyatini ko‘tardi.
Ko‘lamining kengligi hamda ahamiyati jihatidan muhim bo‘lgan ushbu tadbirga juda katta tayyorgarlik ko‘rilgani yaqqol namoyon bo‘lib turdi. Ushbu tadbir yoshlarimizni maʼnaviy jihatdan sog‘lom qilib voyaga yetkazish, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, avvalo, ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni yanada kuchaytirish, milliy o‘zligimiz hamda dunyoni chuqur anglaydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishida muhim o‘rin tutadi. Xonandalarimiz tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlarning har bir satrida shukronalik kayfiyati ufurib turdi. Ba’zi qo‘shiqlarda xalqimizga xos olijanoblik, mehmondo‘stlik, beg‘uborlik, samimiylik taʼriflandi. Yoshlarimiz bularni dildan his qilib, teran idrok etishlari joiz. Zotan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan asrlarga tatigulik ibratli ishlar bilan har qancha gʻururlansak arziydi.
Albatta, o‘rni kelganda aytish lozimki, mazkur bayramona tadbirning tashkil etilishi arafasida institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev boshchiligida o‘ziga xos maslahat tusini olgan yig‘ilishlar o‘tkazilib, tadbirlar davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uqtirilgan. Musiqa cholg‘ulalaridan juda mahorat bilan foydalanish zarurligi qayd etilgan. Bildirilgan muhim fikrlar o‘z navbatida, san’atkorlarni quvontirgan, ruhlantirgan. Bunday say’-harakatlarning natijasi ushbu tadbirda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Mahalla aholisi bunday eʼtibordan juda mamnun bo‘lishdi. Ular o‘zlarining sо‘zlari, shо‘x о‘yinlari bilan institut rahbariyati, ijodiy jamoaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida tashkil etilgan ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirning yoshlar tarbiyasida, ayniqsa, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati juda yuqori bo‘ldi, – desak mubolag‘a bo‘lmaydi.