
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Shalola” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashayotgan aholi, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, uyushmagan yoshlar, ehtiyojmand ayollar, keksa va nuroniylar ishtirokida “Mahallada duv-duv gap” konsert dasturi o‘tkazildi.
Ushbu madaniy-ma’rifiy, bayramona tadbir “E’zoz” folklor-etnografik ansamblining go‘zal navolari ostida ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalari tomonidan chin insoniy fazilatlar, ezgulik, odamiylik, mehr va sadoqatni tarannum etuvchi qo‘shiqlar, mumtoz ashulalar aytildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, bayramona kechalarni muntazam o‘tkazish orqali mamlakatimizdagi samarali islohotlarning mazmun-mohiyati xalqimizga yetkaziladi, fuqarolar qalbida bugungi kunimizga shukronalik va ertangi kunga bo‘lgan ishonch tuyg‘ularini yanada oshirishga erishiladi.
Xonandalarimiz tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlarning har bir satrida shukronalik kayfiyati ufurib turdi. Ba’zi qo‘shiqlarda xalqimizga xos olijanoblik, mehmondo‘stlik, beg‘uborlik, samimiylik taʼriflandi. Yoshlarimiz bularni dildan his qilib, teran idrok etishmoqda. Bunday tadbirlar yoshlarimizni maʼnaviy jihatdan sog‘lom qilib voyaga yetkazish, Ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, avvalo, ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni yanada kuchaytirish, milliy o‘zligimiz hamda dunyoni chuqur anglaydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishida muhim o‘rin tutadi. Xonanda-yu, sozandalarning har bir chiqishlari tomoshabinlarning gulduros qarsaklari ostida qо‘llab turildi. Bu esa o‘z navbatida, san’atkorlarni quvontirdi, ruhlantirdi. Institut talabalarining orombaxsh qо‘shiqlarga hamohang tarzda ijro qilingan gо‘zal raqslar esa barchani davraga chorladi. Mahalla ahli о‘zlarining sо‘zlari, shо‘x о‘yinlari bilan institut rahbariyati, ijodiy jamoaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi. Tadbirga yig‘ilganlarning barchasi chinakam bayram kayfiyatida bo‘ldilar.