Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Oliy himmat” MFYda “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Oliy himmat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan tashkil etilgan “Mahallada duv-duv gap” shiori ostidagi tadbir ham о‘ziga xosligi bilan ajralib turdi.
Noz-ne’matlarga to‘lib toshgan dasturxonda milliy taomlar, ko‘k somsa, chuchvara, halim, sumalak, shirmoy non va shirinliklar tortiq etildi.
O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining milliy qo‘shiqchilik kafedrasi dotsenti, professor Аhmadjon Dadayev badiiy rahbarligi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sayqal” ansambli vakillarining bir-biridan ajoyib musiqa sadolari ostida boshlangan bayramona kechada mahallaning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalari, ehtiyojmand ayollar, keksa onaxonlaru, nuroniy otaxonlar, uyushmagan yoshlari tashrif buyurdi.
Rang-barang janrlardan iborat musiqiy kechada estrada xonandalari, institut professor-о‘qituvchilari, talabalar, О‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari, О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan artistlar tomonidan odamlar qalbidan o‘rin egallagan mumtoz ashulalar aytildi, shо‘x qо‘shiqlar ijro qilindi. Bu esa o‘z navbatida, tadbirda yig‘ilganlarning barchasiga ajib bir xushnudlik, o‘zgacha bir zavqu shavq bag‘ishladi. Mazkur tadbirning yoshlarni milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-ma’naviy merosimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlariga ko‘maklashish borasidagi hissasi juda katta bo‘lmoqda. Chunki, qo‘shiqlarning har bir satrida shukronalik kayfiyati ufurib turdi. Ba’zi qo‘shiqlarda xalqimizga xos olijanoblik, mehmondo‘stlik, beg‘uborlik, samimiylik taʼriflandi. Yoshlarimiz bularni dildan his qilib, teran idrok etishmoqda.
Xonanda-yu, sozandalarning har bir chiqishlari tomoshabinlarning gulduros qarsaklari ostida qо‘llab turildi. Institut talabalarining orombaxsh qо‘shiqlarga hamohang tarzda ijro qilgan gо‘zal raqslari esa barchani davraga chorladi. Yig‘ilganlarning barchasi chinakam bayram kayfiyatida bo‘ldi, raqsga tushib, davraga fayz kiritdi.
Qalblariga shodlik, xursandchilik jo etgan, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan tadbir uchun mahalla ahli institut rahbariyati, ijodiy jamoaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.
Toshkent shahri bo‘ylab “Mahallada duv-duv gap” loyihasi ma’naviyat ulashishda davom etmoqda.
Shundan so’ng O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasining manzili nogironlar uyi bo’ldi. Konsert dadturi yig’ilganlarga ko’tarinki kayfiyat ulashib, har bir inson qadri bu yurtda ulug’vor ekanligi tarannum etildi.