
Mirzo Ulug’bek tumani Olimlar MFY mahallasi aholisi uchun tashkil etilgan “Mahallada duv-duv gap” shiori ostidagi tadbir ham о‘ziga xosligi bilan ajralib turdi.
Ushbu mahallalarning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalari, ehtiyojmand ayollar, keksa onaxonlaru nuroniy otaxonlar, uyushmagan yoshlari tashrif buyurgan bayramona kechada О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan shо‘x qо‘shiqlar ijro qilindi.
Xonanda-yu, sozandalarning har bir chiqishlari tomoshabinlarning gulduros qarsaklari ostida qо‘llab turildi. Institut talabalarining orombaxsh qо‘shiqlarga hamohang tarzda ijro qilgan gо‘zal raqslari esa barchani davraga chorladi. Konsert dasturida shuningdek, respublikamizning taniqli estrada xonandalari, xalqimiz suygan yulduzlari tomonidan ham shо‘x qо‘shiqlar ijro qilindi va bu davraga yanada о‘zgacha tarovat, kо‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.
Eng quvonarlisi, tadbirga yig‘ilganlarning barchasi chinakam bayram kayfiyatida bo‘ldi, raqsga tushib, davraga fayz kiritdi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev nutq so‘zlab, mamlakatimizda madaniyat va san’at sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar xususida so‘z yuritdi. Institut jamoasi tomonidan 65 ta mahallada ushbu loyiha asosida aholi uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar о‘tkazilishi rejalashtirilganligini e’tirof etdi.
– Shu o‘rinda aytish lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi professor I.Yo‘ldoshev. – Mahallalarda mana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni, bayramona kechalarni muntazam o‘tkazish orqali yurtimizda har bir sohada erishilayotgan ulkan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati xalqimizga yetkaziladi, fuqarolar qalbida bugungi kunimizga shukronalik va ertangi kunga bo‘lgan ishonch tuyg‘ularini yanada oshirishga erishiladi. Chunki mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida xizmat qiladigan, insonlarni jamiyatning bir qismi bo‘lishga o‘rgatadigan, ularni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan noyob ijtimoiy tuzilmadir.
Tadbir davomida institut talabalari tomonidan qo‘g‘irchoq o‘yinlari ham namoyish qilindi. Taniqli san’atkorlar, teatr aktyorlarining ovozlariga taqlidlar qilindi. Qalblariga shodlik, xursandchilik jo etgan, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan tadbir uchun mahallalar ahli institut rahbariyati, ijodiy jamoaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.
Toshkent shahri bo‘ylab “Mahallada duv-duv gap” loyihasi ma’naviyat ulashishda davom etmoqda.