
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Beshkapa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashayotgan aholi, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, uyushmagan yoshlar, ehtiyojmand ayollar, keksa va nuroniylar ishtirokida “Mahallada duv-duv gap” konsert dasturi o‘tkazildi.
Ushbu madaniy-ma’rifiy, bayramona tadbir “E’zoz” folklor-etnografik ansamblining go‘zal navolari ostida ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.
Tadbirda yurtimizda sermahsul ijod qilayotgan san’at va madaniyat vakillari, o‘z ijodiy tajribalari bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgan ustoz san’atkorlar, О‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari, О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan artistlar, estrada xonandalari, institut professor-о‘qituvchilari, talabalar tomonidan odamlar qalbidan o‘rin egallagan mumtoz ashulalar aytildi, shо‘x qо‘shiqlar, raqslar ijro qilindi. Iqtidorli talabalar xalqimizning taniqli aktyorlari, xonandalari, qiziqchilarining ovozlariga taqlid qilishdi. Ulugʻ sanʼatkorlarning dil izhorlari yig‘ilganlarning kayfiyatini ko‘tardi.
Ta’kidlanganidek, mahalla xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida xizmat qiladigan, insonlarni jamiyatning bir qismi bo‘lishga o‘rgatadigan, ularni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan noyob ijtimoiy tuzilmadir. Mana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, bayramona kechalarni muntazam o‘tkazish orqali milliyligimizni, ma’naviyatimizni xalqimiz oldida namoyish etish bilan birga aholining madaniy hordiq chiqarishini ta’minlashga erishiladi.
Shuningdek, Respublika satira teatri ijodkorlari tomonidan spektakl namoyish etildi. Qalblariga shodlik, xursandchilik jo etgan, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashgan tadbir uchun mahalla ahli institut rahbariyati, ijodiy jamoaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida tashkil etilgan ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirning yoshlar tarbiyasida, ayniqsa, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati juda yuqori bo‘ldi, – desak mubolag‘a bo‘lmaydi.