
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi “Mirzo Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashayotgan aholi, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, uyushmagan yoshlar, ehtiyojmand ayollar, keksa va nuroniylar ishtirokida “Mahallada duv-duv gap” konsert dasturi o‘tkazildi.
Аhmadjon Dadayev badiiy rahbarligi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sayqal” ansamblining go‘zal navolari ostida, ko‘tarinki kayfiyatda boshlangan ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir ajib bir bayramona ko‘rinish oldi.
Tadbirda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev so‘z olib, keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlarni eʼtirof etdi. Ushbu mahalla fuqarolar yig‘inida yangilanish, yasharish fasli bahor ko‘tarinkilik, hamjihatlik bilan qarshi olingani, milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lmish “Navro‘z” bayramining qadimdan nishonlanib kelishi tarixi, bu bayram qut-baraka, mehr-oqibat, bunyodkorlik va hamjihatlik timsoli ekanligi xususida muhim fikrlarni bildirdi. Shuningdek, “Mahallada duv-duv gap” loyihasining ahamiyati, vazifalari hamda bundan ko‘zlangan ezgu maqsadlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Mana shunday tashkil etayotgan tadbirlarimizga aholi katta qiziqish bildirayotgani ko‘ksimizni faxru iftixorga to‘ldirmoqda, – dedi I. Yo‘ldoshev. – Shu o‘rinda aytish lozimki, joriy yilning 26-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida muhim vazifalar belgilandi. Ushbu videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanganidek, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz. Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo‘g‘iniǵa aylantirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz. Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi.
Noz-ne’matlarga to‘lib toshgan dasturxonda milliy taomlar, ko‘k somsa, chuchvara, halim, sumalak, shirmoy non va shirinliklar tortiq etildi. Navro‘z bayrami oldidan mana shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, bayramona kechalarni muntazam o‘tkazilishi yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega ekanligi aytildi.
Ta’kidlanganidek, zaminimiz uzra bahoriy nasim esa boshladi. Ko‘ngillar ko‘klam sururidan yayramoqda. Borliqdagi uyg‘onish, yangilanish va yasharish obod Vatanimizga boqiy bayram, qut-baraka, to‘kinlik va mehru oqibat ramzi – Navro‘zi olam kelayotganidan darak beradi.
Tadbir davomida musiqiy kompozitsiyalar, teatrlashtirilgan sahna asarlari, turli xil raqslar, jonli ijrodagi qo‘shiqlar, ko‘ngilochar dasturlar namoyish etildi. Musiqa ko‘ngilga axloqan muayyan taʼsir ko‘rsatuvchi quvvatga ega. Musiqa yosh avlod tarbiyasi uchun eng zarur vositalar qatorida turadi.
Xonandalarimiz tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlarning har bir satrida shukronalik kayfiyati ufurib turdi. Ba’zi qo‘shiqlarda xalqimizga xos olijanoblik, mehmondo‘stlik, beg‘uborlik, samimiylik taʼriflandi.
Xonanda-yu, sozandalarning har bir chiqishlari tomoshabinlarning gulduros qarsaklari ostida qо‘llab turildi. Bu esa o‘z navbatida, san’atkorlarni quvontirdi, ruhlantirdi. Institut talabalarining orombaxsh qо‘shiqlarga hamohang tarzda ijro qilingan gо‘zal raqslar esa barchani davraga chorladi. Mahalla ahli о‘zlarining sо‘zlari, shо‘x о‘yinlari bilan institut rahbariyatiga, ijodiy jamoaga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi.
Bunday hurmat va ehtirom institutning faol ijodiy jamoasi zimmasida yanada ulkan vazifalar turganidan hamda sanʼatkorlarning faoliyatiga nisbatan mas’uliyat qarashi lozim ekanligidan dalolat beradi.