
Joriy yilning 2-aprel kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda institut rahbariyati, dekanlar, kafedra mudirlari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar ishtirok etdi.
Dastavval, institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev tomonidan mamlakatimizda mahallalarning nafaqat shakli, balki mohiyati ham o‘zgarayotgan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy manzarasi butunlay o‘zgarib borayotgani, erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylangani qayd etildi.
– Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi, – dedi professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirildi. Mahallalarning vakolati hamda vazifalarining ko‘lami ham kengayib bormoqda. Milliy madaniyatimizni, qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilayotgan ulkan e’tibor mahallalarda o‘z samarasini bermoqda. Oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, jamiyatda mehr-oqibat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlashda borasida mahallalarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2021-yilning 8-noyabrdan boshlab tashkil etib kelinayotgan “Mahallada duv-duv gap” shiori ostidagi, juda yuqori kayfiyatda o‘tkazilayotgan tadbirlarimizga aholi katta qiziqish bildirayotgani ko‘ksimizni faxru iftixorga to‘ldirmoqda.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida o‘tkazilgan yig‘ilishining 53-son Bayonida Toshkent shahridagi mahallalarda istiqomat qilayotgan yoshlar ishtirokida “Porloq kelajakka qadam – mening mahallam bilan!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik, madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlarini o‘tkazish belgilandi. Mazkur hujjatga asosan tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha manzilli reja-jadval ishlab chiqilgan. Ana shu belgilangan rejaga muvofiq O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining ijodiy jamoasi, ya’ni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalar tomonidan poytaxtimizdagi Sergeli tumani hududida joylashgan 52 ta mahalla fuqarolar yig‘inida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkaziladi. Ushbu bayramona kechalarda mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan keksa va nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar vakillari, uyushmagan yoshlar, hududdagi tashkilot, korxona, muassasalar mutasaddilari, mehnat faxriylari taklif etiladi.
– Ko‘lamining kengligi hamda ahamiyati jihatidan muhim bo‘lgan mana shunday tadbirlarni o‘tkazish uchun juda katta tayyorgarlik ko‘rish kerak, – dedi professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Ta’lim dargohimizda mehnat qilayotgan ijodkorlar, ijodiy jamoalar vakillari hamda tahsil olayotgan iste’dodli talabalar tadbirlar davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi joiz. Ona Vatanni ulug‘lovchi, vatanparvarlik tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan kuy-qo‘shiqlar ijro qilinishi lozim. Milliyligimiz, ma’naviyatimiz tarannum etilgan mumtoz ashulalar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashadi. Xorazm yо‘nalishida yangragan navolar yig‘ilganlarni raqsga chorlab, mahalla ahli qalbiga cheksiz xursandchilik olib kiradi. San’atkorlarimizning har bir chiqishi, ijro etayotgan ijod namunalari xalqimizni, fuqarolarimizni quvontirishi, ruhlantirishi kerak. Shu orqali mahallalarda ma’naviy, madaniy, ma’rifiy, adabiy muhit shakllanishiga, rivojlanishiga erishiladi. Diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosi sifatida qadrlanayotgan she’r va g‘azallarini qo‘shiq qilib ijro etilayotgani ham o‘z navbatida, mahalla ahlining milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmatini, e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuningdek, tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy konsert tadbirlarida muntazam ishtirok etib kelayotgan bir guruh ijodkorlarning mehnati mamnuniyat bilan e’tirof etildi. Ayni jarayonda institutning oldida turgan muhim ishlar muhokama qilindi. Tadbirlarni o‘tkazish borasida qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish, tayyorgarlik ishlarini jadallik bilan amalga oshirish lozimligi aytildi. Mahallalardagi tadbirlarda qatnashayotgan san’atkorlarning takliflari, fikrlari, mulohazalari tinglandi. Mavjud musiqa cholg‘ulalaridan juda mahorat bilan foydalanish va ijodkorlarni, ijodiy jamoalarni yanada yangi musiqiy uskunalar, texnikalar, zamonaviy ovoz kuchaytirgichlar bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.