
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan tashkil etilgan “Mahallada duv-duv gap” shiori ostidagi tadbir ham о‘ziga xosligi bilan ajralib turdi.
Ushbu mahallaning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalari, ehtiyojmand ayollar, keksa onaxonlari-yu, nuroniy otaxonlari, uyushmagan yoshlari tashrif buyurgan bayramona kecha O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining milliy qo‘shiqchilik kafedrasi dotsenti, professor Аhmadjon Dadayev badiiy rahbarligi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sayqal” ansambli vakillarining bir biridan ajoyib musiqalari, diltortar qo‘shiqlari bilan boshlandi.
Konsert dasturida zamonaviy mumtoz sanʼatimizning atoqli vakillari, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professor-о‘qituvchilari, ushbu dargohda faoliyat olib borayotgan “О‘zbekiston xalq artisti”, “О‘zbekiston xalq hofizi”, “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan artist” faxriy unvonlari sohiblari, iqtidorli talabalar oʻz kuy-qoʻshiqlari bilan mahalla ahlini bahramand etdilar.
Tadbir davomida tomoshabinlar sanʼatkorlarimizning chiqishlarini olqishlar bilan qarshi olishdi. Bu konsert dasturi insonlarga xushkayfiyat ulashish bilan bir qatorda, yuksak vatanparvarlik gʻoyalarini tarannum etish, xalqimizga xos oʻzaro ahil-inoqlik va mehr-oqibat tuygʻularini mustahkamlashga xizmat qiladi. Muhimi, xalqimizning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi, mustahkamlaydi.
Eng quvonarlisi, tadbirga yig‘ilganlarning barchasi chinakam bayram kayfiyatida bo‘ldilar, raqsga tushib, davraga fayz kiritdilar. Mahalla vakillari O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutidan tashrif buyurgan mehmonlarga hamda el ardog‘idagi xonandalarga cheksiz minnatdorchiligini bildirishdi.
Albatta, bunday hurmat va ehtirom institutning faol ijodiy jamoasi zimmasida yanada ulkan vazifalar turganidan hamda sanʼatkorlarning faoliyatiga nisbatan mas’uliyat bilan qarashi lozim ekanligidan dalolat beradi.