
Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Ibrohim Yuldashev magistratura mutaxassisligi talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida oliygoh rektori o‘quv jarayonidagi yutuq va kamchiliklar yuzasidan talabalar bilan suhbatlashdi. Ibrohim Yuldashev bo‘lajak mutaxassislardan shijoatini yo‘qotib qo‘ymasligi lozimligini ta’kidladi.
“Har birimizning o‘z sohamizga sadoqat, fidoiyligimiz bo‘lishi darkor. Ilm-fan zinapoyasining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilish sizlarning vazifangiz sanaladi. Barchangiz fan doktori va professor bo‘lishga harakat qilishingiz kerak. Institutning ilmiy salohiyatini yuksaltirish barcha magistrantlar uchun eng yuqori o‘rindagi vazifa bo‘lmog‘i lozim. Madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ilmiy ishlar nihoyatda bisyor”, dedi O‘zDSMI rektori.
Qolaversa, Ibrohim Yuldashev madaniyat tarixi, cholg‘uchilik, ayniqsa, folklor yo‘nalishida tayyorlanayotgan ilmiy ishlar soni nihoyatda kam ekanligini bildirdi.
Qayd etish joiz, Matluba Isakova institutning magistratura bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi. Institut rahbariyati Isakovaning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat va rivoj tiladi.