Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuv o’tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuv o’tkazdi.
Tizim rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda dastavval, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 28-yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hamda joriy yilning 4-mart kuni Prezidentimiz raisligida oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan muhim vazifalar, oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan ijobiy hamda samarali o‘zgarishlar, bu borada О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti faoliyati oldida turgan muhim ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-60-sonli, “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarorining mazmun-mohiyati, ularda belgilangan muhim vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ta’lim sohasidagi islohotlarning samarali bo‘lishi ham ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning salohiyatiga bog‘liq. Har bir pedagog xodim yoshlarning ta’lim tarbiyasi masalasida juda jiddiy ahamiyat qaratishi shart. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda uztoz-murabbiylarning mehnatini qadrlash, ta’limning sifatini, samaradorligini oshirish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘qituvchi o‘z faoliyatida ilmiy salohiyatini, bilim darajasini tinimsiz oshirib borishi, sidqidildan mehnat qilishi, pedagogik mahoratini yuksaltirishi, jamoa o‘rtasida katta hurmatga loyiq bo‘lishi lozim.
Bu oliy ta’lim dargohida san’at, madaniyat sohalarining ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat sirlaridan bahramand bo‘lgan, ko‘plab ustoz-murabbiylar faoliyat yuritishadi. Ularning asosiy maqsadi o‘z sohasining malakali kadrlarini tayyorlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish va talabalarning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi darkor. Ta’lim berishda asosiy e’tiborni darsning sifati hamda samaradorligiga qaratishi, talabada fan bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malakalarni shakllantirib, rivojlantirishda bor mahoratini ishga solishi lozim. Bu juda katta mahoratni, tinimsiz mehnatni, astoydil sa’y-harakatni talab qiladi.
E’tirof etilganidek, mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan yuksak natijalarga erishilmoqda. Yurtimizda huquqiy demokratik va ochiq fuqarolik jamiyatini qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish yo‘lida juda muhim ishlar bajarilmoqda. Ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirildi. Yangi taraqqiyot bosqichini bosayotgan mamlakatimizda ta’lim sohasida ham katta qadamlar tashlanmoqda. Vatanimizning qudratini belgilaydigan omillarning eng asosiylaridan biri, shubhasiz, shu yurtda voyaga yetayotgan yuksak maʼnaviyatli, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avloddir. Yurtning kelajagi bugun kamolga yetayotgan yoshlar qo‘lida.
Talabalarimiz har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlaydigan o‘zining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajaradigan mutaxassislar bo‘lib yetishishlari uchun astoydil harakat qilishimiz kerak. Keng va yorug‘, multimediya tizimi bilan jihozlangan auditoriyalardagi sifatli darslar, kompyuter xonalari, kutubxona hamda unda saqlanayotgan o‘quv va badiiy adabiyotlar, talabalarga dars berayotgan professor-o‘qituvchilarning salohiyati hamda amaliyot davomida olingan nazariy va amaliy bilimlarning madaniyat sohasida bo‘lajak kadrlarni tayyorlashdagi roli beqiyosdir.
Samimiy ruhda о‘tgan uchrashuvda madaniyat, san’at sohasining о‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritildi. Ishtirokchilar о‘zlarini qiziqtirgan savollariga tegishli javoblarni olishdi.