“Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi tomonidan ilmiy seminar o‘tkazildi

Bugun “Madaniyat va san’at menejmenti” kafedrasi tomonidan “Madaniyat va san’at fanlarini o‘qitishning dolzarb muammolari” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda sohaning fan doktor va professorlari, dotsent o‘qituvchilar va boshqalar ishtirok etishdi.
Seminarni o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Abdulaziz Nurullayev ochib berdi.
“San’at va madaniyat sohasidagi muammolarni soatlab ta’riflash mumkin. Madaniyat sohasi yillar davomida ko‘plab o‘zgarishlarga uchradi va 2017-yildan alohida vazirlik sifatida tashkil etildi. Hozirda esa Madaniyat va turizm vazirligi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. Umuman olganda, sohadagi islohotlarda vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, qolaversa, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun seminardan maqsad ham respublikada madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish sanaladi.
Bilamizki, mamlakatni madaniyat va san’at hamda sport dunyoga tanitadi. Shu bois, bu katta mas’uliyat talab etadi. Ushbu sohada kelgusida istiqbolini belgilaydigan kadrlar tayyorlash bizning vazifamiz sanaladi. Ushbu faoliyatni yanada ommalashtirishda sizlarga omad va kuch-quvvat tilaymiz. Institut rahbariyati bu borada hamisha yordam berishga tayyor”, – dedi Abdulaziz Sirojiddinovich.
Seminar davomida sotsiologiya fanlari doktori, professor A.Umarov, falsafa fanlari doktori, professor v.b. V.Alimasov, san’atshunoslik fanlari doktori, professor v.b. B.Shodiyev, texnika fanlari nomzodi, dotsent T.Fayziyev, dotsent M.Yuldashevalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ilmiy seminar so‘ngida o‘qib eshittirilgan mavzular yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi hamda seminar rezolyutsiyasi qabul qilindi.