“Ma’rifat maydoni” tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi

Xabaringiz bor, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Ma’rifat maydoni” respublika tanlovini e’lon qilingandi. Bugun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida ushbu tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent shahridagi to‘rtta oliygoh — Toshkent davlat transport universitetining “Ikki qalb”, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Zulfiqor”, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining “Avloniy izdoshlari” hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Yuksalish” jamoalari ishtirok etishdi.
Jamoalar “Adib hayoti”, “Tezkor savol-javob” va “Adiblar hayoti va ijodidan teatrlashtirilgan kompozitsiya” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.
Jamoalarni maxsus hakamlar hay’ati baholab borishdi. Tanlov g‘olibi bo‘lgan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Yuksalish” jamoasi keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.