
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navnihol‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 27-umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir “E’zoz” folklor-etnografik ansamblining go‘zal navolari ostida ko‘tarinki kayfiyatda boshlandi.
О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Folklor va etnografiya” kafedrasi qoshidagi “E’zoz” folklor-etnografik jamoasi tomonidan tayyorlangan xalq ijodiyoti namunalarimiz, milliy qadriyatlarimizni, qadimiy an’ana va marosimlarimizni o‘zida mujassamlashtirgan dasturlar yig‘ilganlarni raqsga chorlab, mahalla ahli qalbiga cheksiz xursandchilik baxsh etdi.
Yurtimizda sermahsul ijod qilayotgan san’at va madaniyat vakillari, o‘z ijodiy tajribalari bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgan ustoz san’atkorlar, estrada xonandalari, institut professor-о‘qituvchilari, talabalar tomonidan mumtoz ashulalar aytildi. О‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari, О‘zbekiston Respublikasida xizmat kо‘rsatgan artistlar tomonidan odamlar qalbidan o‘rin egallagan shо‘x qо‘shiqlar ijro qilindi.
Bunday bayramona tadbirlar zamirida yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan xalqimizning ezgu orzu-maqsadlari mujassamdir. Ushbu tadbir yoshlarimizni maʼnaviy jihatdan sog‘lom qilib voyaga yetkazish, Ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, avvalo, ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni yanada kuchaytirish, milliy o‘zligimiz hamda dunyoni chuqur anglaydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishida muhim o‘rin tutadi. Xonandalarimiz tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlarning har bir satrida shukronalik kayfiyati ufurib turdi. Ba’zi qo‘shiqlarda xalqimizga xos olijanoblik, mehmondo‘stlik, beg‘uborlik, samimiylik taʼriflandi.
Ko‘lamining kengligi hamda ahamiyati jihatidan muhim bo‘lgan ushbu tadbirga juda katta tayyorgarlik ko‘rilgan yaqqol namoyon bo‘ldi. Zotan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan asrlarga tatigulik ibratli ishlar bilan har qancha gʻururlansak arziydi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Mahallada duv-duv gap” shiori ostida tashkil etilgan ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirning yoshlar tarbiyasida, ayniqsa, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati juda yuqori bo‘lmoqda, – desak mubolag‘a bo‘lmaydi.