1

Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid yig’ilish o’tkazildi

Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid yig'ilish o'tkazildi

Joriy yilning 26-iyul kuni О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB vakillari ishtirokida muhim yig‘ilish o‘tkazildi.

Institut rahbariyati, institut Qabul komissiyasi a’zolari, professor-о‘qituvchilar, ustoz-murabbiylar, tajribali olimlar, amaliyotchilar, tadqiqotchilar ishtirok etgan tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish hozirgi davrning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, korrupsiya tuzog‘iga tushib qolmaslik, uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi keskin kurashish, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xodimi nomiga dog‘ tushirmaslik, abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan muomala madaniyatiga, ichki tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, zimmasidagi vazifalarini halollik va mas’uliyat bilan bajarish lozimligi aytib o‘tildi. Ba’zi oliy ta’lim dargohlarining xodimlari tomonidan sodir etilayotgan nomunosib xatti-harakatlar va faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hamda vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lgan pedagoglar keskin tanqid qilindi.

Shuningdek, ushbu ta’lim muassasiga qabul jarayonlari, kirish imtihonlarida abituriyentlarga yaratilayotgan sharoitlar, test sinovlari topshirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, qonun buzilishi va muammoli holatlarni oldini olish borasidagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

E’tirof etilganidek, mamlakatimiz ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning samarali bo‘lishi ham ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning salohiyatiga bog‘liq. Bu oliy ta’lim dargohida san’at, madaniyat sohalarining ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat sirlaridan bahramand bo‘lgan, ko‘plab ustoz-murabbiylar faoliyat yuritishadi. Ularning asosiy maqsadi o‘z sohasining malakali kadrlarini tayyorlash, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish va talabalarning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi darkor. Keyingi yillarda yurtimizda uztoz-murabbiylarning mehnatini qadrlash, ta’limning sifatini, samaradorligini oshirish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘qituvchi o‘z faoliyatida ilmiy salohiyatini, bilim darajasini tinimsiz oshirib borishi, sidqidildan mehnat qilishi, pedagogik mahoratini yuksaltirishi, jamoa o‘rtasida katta hurmatga loyiq bo‘lishi lozim.

Qayd etildiki, mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifati hamda samaradorligini oshirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida salmoqli vazifalar bajarilmoqda. Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, ta’limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga, korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga astoydil harakat qilinmoqda. Chunki ushbu holatlar yillar davomida ta’lim tizimidagi eng og‘riqli nuqta bo‘lib kelgan. Ammo yangi o‘quv yiliga qabul jarayonlari boshlanishi arafasida bu kabi qing‘irliklarni, harom luqma bilan kun kechirishni o‘ziga odat qilgan ayrim nopok insonlarni uchrab turishini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Bunday holatlar esa jamiyatimizdagi sog‘lom muhitga salbiy ta’sir qilishini ham unutmaslik darkor. Demak, jamiyatimizni halol va korrupsiyadan xoli hududga aylantirishga barcha birdek mas’ul hamda poraxo‘r kimsalarga qarshi kurashishda fuqarolarning harakati asosiy kuchga ega bo‘lishini anglab yetishimiz lozim. Shunday ekan, ushbu oliy ta’lim dargohining pedagogik jamoasi o‘z kasblariga nisbatan fidoyilik xislatini yanada oshirishga intilishlari kerak.

Yig‘ilish davomida ta’kidlanganidek, oʻzining gʻarazli maqsadi uchun har qanday tubanlikdan qaytmaydigan ayrim pedagog shaxslar nafaqat oliy oʻquv dargohiga, shu bilan bir qatorda, butun jamiyatga ham ziyon yetkazadi. Pedagog hammaga oʻrnak boʻlib, halol ishlab, fidoyilik koʻrsatish oʻrniga, kishi bilmas poraxoʻrlikka qo‘l ursa, tanish-bilishchilik qilsa, xarom-xarish yoʻl bilan topgan luqmalarini oʻz farzandlariga tortiq etsa, oilasida kamolga yetayotgan oʻgʻil-qizlar ertaga undan battar ochofat, yulgʻich, poraxoʻr boʻlib oʻsadi. Achinarlisi, xarom-xarish yoʻl bilan mablag‘ topayotgan kishining xatti-harakatlarini ko‘rgan, bilgan, hattoki, eshitgan yoshlardan nimani kutish mumkin? O‘sha toifa vakillari o‘sib kelayotgan yosh avlodga shunday o‘rnak bo‘lishadimi? Axir, yurtning kelajagi bugun kamolga yetayotgan yoshlar qo‘lida ekanligini unutmasligimiz kerak.

Aytildiki, korrupsiyaga qarshi kurash borasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, poraxoʻrlik, tamagirlik kabi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga chek qoʻyish, bunday jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini har bir shaxs, shu jumladan, oliy ta’lim muassasalarida hujjat topshirgan abituriyentlar va ularning ota-onalari ham bilishi zarur. Korrupsiya balosining naqadar mudhish illat ekanini tushungan, uni ongli ravishda idrok etgan odam bu jinoyatga qoʻl urmaydi.

Korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib kеladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan. Mamlakatimizda 2017-yil 3-yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbеkiston Rеspublikasining Qonuni qabul qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mеxanizmi yaratilgan.

Mazkur Qonun fuqarolarga korrupsiya va korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning nima ekanligi va ularning salbiy illatlari haqida ma’lumot bеradi. Ushbu huquqiy hujjatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chеk qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon bеruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash kabi vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.

Shunday ekan, halol yashashni yoshlikdan oʻrgangan odamning umri halovatda boʻladi. Adolatsizlik, qonunga hurmatsizlik, kasbu amalga, ishonchga xiyonat qilib boʻlmasligini anglaydigan, poraxoʻrlik va korrupsiyaga, qarshi oʻzida immunitet hosil qilgan yoshlar kelajakda jurʼatli, vijdonli inson boʻlib yetishadi. Halol mehnat bilan topilmagan boylik totli boʻlmasligini, u yaxshilik emas, balki yomonlik keltirishini tushunadi. Har qanday vaziyatda ham halol odam hayotda baxtli-saodatli yashaydi.

Kelajakni korrupsiyasiz qurishimiz, buning uchun avvalo, oʻzimizni tarbiya qilishimiz, korrupsiyaning har qanday koʻrinishini bartaraf qilish uchun birgalikda kurashishimiz zarur. Bugun butun jamiyatimiz ana shunday pokiza hayotga intilmoqda.

Samimiy ruhda о‘tgan hamda bahs-munozaralarga boy bo‘lgan qizg‘in muhokamalarda majlis ishtirokchilari o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Kerakli xulosalarni chiqarib, kelgusidagi istiqbolli rejalarini belgilab olishdi.