
“Artist” loyihasi orqali xalq mehrini qozongan iste’dodli talabamiz, ushbu loyihaning 1-o’rin sohibi Elyorbek Melibayev bilan suhbat uyushtirdik.
– Elyorbek, o’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz…
– Men Farg’ona viloyati, Farg’ona shahrida tugilganman. Oddiy oila farzandiman. Oila 4 nafar o’g’il farzandmiz — ikki akam bir ukam bor
Men oilada uchinchi farzandman.
– Nega O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tanlagansiz?
– Ushbu oliygohga o’qishga kirish eng katta maqsadlarimdan biri bo’lgan. Allohga shukr, mazkur dargohga ilk bor hujjat topshirishimdayoq o’qishga qabul qilinganman.
– San’at sohasidagi birinchi ustozingiz kim?
– Birinchi ustozim Nargiza Turdiyeva bo’ladi. Ustozimdan musiqa maktabida ilk saboqlarni olganman.
– Artist loyihasida g’oliblar safida bo’lishingizda muhim bo’lgan omil nimada deb o’ylaysiz?
– Alloh yuzimni yorug’ qilib, xalqqa suyukli qilganida deb o’ylayman. Qolaversa, ilk kuylagan qo’shig’im ham xalqona ohangda ijro etilganidan bo’lsa kerak.
– Bugungi o’zbek san’ati muammolari nimada deb o’ylaysiz?
– Yoshlarda biroz yuksalgach, o’zidan “yulduz” yasab olishi, shuningdek, o’sib borayotgan ijodkorni ko’rolmaslik xislatlarini sabablardan biri deb hisoblayman.
– Yoqtirgan adibingiz?
– Muhammad Yusuf.
– Sevib mutolaa qiladigan asaringiz?
– To’g’risini aytsam, hozirda kitob o’qishga unchalik vaqt topolmayapman, sababi faqagina ijod bilan bandman.
– Kelgusidagi rejalaringiz?
– Kelgusida xalq orasida mashhur bo’ladigan qo’shiqlar va kliplar yaratishni maqsad qilganman.
– Ustozlar va muxlislarga tilaklaringiz…
– Ustozlarimga uzoq umr tilab qolaman va rahmat aytaman. Meni qo’llab-quvvatlayotkan muxlislarga esa ulkan minnadorchilik izhor qilaman.
Pirmuhammad Xolmaxmatov suhbatlashdi.