
Joriy yilning 3-mart kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yо‘ldoshev va professor-о‘qituvchilar, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari tyutorlar Talabalar turar joylariga tashrif buyurishdi. Kuni kecha Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yо‘ldoshev talabalar turar joyiga tashrif buyurib talaba-qizlarga qo’shimcha sharoitlar yaratish bo’yicha topshiriqlar bergan. Bugun ushbu ishlarning borishini ko’zdan kechirish maqsadida professor Ibrohim Yо‘ldoshev talabalar turar joyida bo’ldi.
Darhaqiqat, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talabalarning bilim olishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, ularni moddiy va ma’naviy qо‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Institut rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan maqsadli saʼy-harakatlar nafaqat taʼlim borasida, balki oliygohda taʼlim olayotgan yoshlarning talabalar turar joyidagi qulayliklar, ular uchun yaxshi sharoitlar yaratib berishga ham qaratilmoqda. Ta’lim dargohi tasarrufidagi birinchi va ikkinchi talabalar turar joyida barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar talabalar uchun amalga oshirilgan bo‘lib, bu ham talabalarning taʼlimga bo‘lgan qiziqishini, san’at va madaniyat sohalariga bo‘lgan mehrlarini oshirmoqda. Chunki talabalar turar joyida talabalarning yo‘nalishidan kelib chiqib, maʼnaviyat xonalarida mashg‘ulotlar olib borishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan. Talabalar turar joylarida yashayotgan yigit-qizlarga yashashlari uchun yanada yaxshi sharoitlarni yaratish maqsadida yangi mebellar to‘plami, qo‘shimcha kravotlar olib kelingan. Oshxona, kir yuvish va quritish xonalari, kiyimlarni dazmollash xonasi zaruriy jihozlar bilan ta’minlangan.
– Yurtimizda huquqiy demokratik va ochiq fuqarolik jamiyatini qurish, xalqimiz uchun obod va farovon hayot barpo etish yo‘lida juda muhim ishlar bajarilmoqda, – deydi professor Ibrohim Yо‘ldoshev. – Ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirildi. Yangi taraqqiyot bosqichini bosayotgan mamlakatimizda ta’lim sohasida ham katta qadamlar tashlanmoqda. Mamlakatimiz taʼlim tizimidagi samarali islohotlar, yuksak o‘zgarishlar, yangiliklar O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Talabalarni mana shunday har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani ularni yanada ruhlantirib, Vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada oshiradi va yangi-yangi yutuqlarga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi. Talabalarimiz har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlaydigan o‘zining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajaradigan mutaxassislar bo‘lib yetishishlari uchun astoydil harakat qilishimiz kerak.