Jo‘rnavozlar e’tirofda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 130-sonli yig‘ilish bayoniga asosan “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-maydagi “Muzeylar xizmatlari sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-261-sonli Qarori doirasidagi “Moziyga sayohat” dasturiga binoan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining jo‘rnavozlari Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi tarixiy ziyoratgohga, shuningdek, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga sayohat uyushtirdi.
Ushbu turizm dasturlari muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda. Bu gal institutda faoliyat olib borayotgan jo‘rnavoz e’tibordan chetda qolmadi. Sayohat uchun maxsus avtobus yo‘lga qo‘yildi. Muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgan jo‘rnavozlar o‘z minnatdorchiliklarini izhor qilishdi. Jumladan, institutda 45 yildan beri faoliyat olib borayotgan “Cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi yetakchi jo‘rnavozi Dilorom Muhammedova ushbu sayohatni tashkil etgan institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi.
“Institutda 45 yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, hali biror marta oliygoh tomonidan bu kabi sayohatga chiqmagandim. Albatta, biz kabi xodimlarga e’tibor qaratgani uchun institut rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Institut rahbariyati tomonidan tashkil etilayotgan turizm dasturi tufayli yangi qurilgan “G‘alaba bog‘i”ni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. Bu kabi maskanlarga doimiy ravishda tashrif buyurib turish kerak deb o‘ylayman. Qolaversa, har bir xodimga e’tibor qaratilishi, ular uchun mana shunday sayohatlar tekinga tashkil etilishi kishini xursand qiladi”, – dedi Muhammedova.
Ma’lumot uchun, institut professor-o‘qituvchilari, xodimlar va talabalar uchun yil davomida yurtimizning go‘zal, tarixiy va zamonaviy qadamjolariga sayohatlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.