
Joriy yilning 11-avgust kuni Janubiy Koreya Respublikasining “Songshin” universiteti “Raqs va san’at” kafedrasi professori Mi Suk Kim О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Sahna harakati va jismoniy madaniyat” kafedrasining yetakchi professor-о‘qituvchisi Han Alam hamrohligida mazkur ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi. Mehmonni institut professor-o‘qituvchilar samimiy kutib olishdi.
Institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev hamda professor Mi Suk Kim xonim o‘rtasidagi rasmiy doiradagi muloqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ikki tomonlama keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy, texnik-texnologik rivojlanish borasidagi manfaatli hamkorlik jarayonlari e’tirof etildi. О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yosh mutaxassislarni Koreya Respublikasi va O‘zbekistonga qisqa amaliyotlarga yuborish, ikki tomonlama o‘quvlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Mamlakatimizda pedagog xodimlar va talaba yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar, institut faoliyati, bu maskanda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar xususida so‘z yuritildi.
Tomonlar samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy ma’lumotlar, ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlar almashinuvi, professor-o‘qituvchilarni, talabalarni xalqaro ta’lim, ilmiy dasturlari va loyihalarida birgalikda ishtirokini ta’minlash kabi bir qator muhim masalalar borasida fikr almashishdi.
Koreyalik mehmon O‘zbekiston yoshlari erishayotgan muvaffaqiyat va zafarlar zamirida mamlakat rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik, yaratilgan keng imkoniyatlar, yuksak eʼtibor mujassam ekanligini aytib o‘tdi. Qolaversa, О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidagi ta’lim yo‘nalishlarining bugungi kun uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi. Hamkorlikda ishlash, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, masofaviy ta’lim imkoniyatlari, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish yuzasidan mulohazalar bildirildi.
O‘z navbatida, e’tirof etildiki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasida uztoz-murabbiylarning mehnatini qadrlash, ta’limning sifatini, samaradorligini oshirish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu oliy ta’lim dargohida san’at, madaniyat sohalarining ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat sirlaridan bahramand bo‘lgan, ko‘plab ustoz-murabbiylar faoliyat yuritishadi. Pedagoglar el-yurtga ma’rifat ulashib, ma’naviyat chashmasidan bahramand etib, odamlarning izzat-ikromiga sazovor bo‘lmoqda. Ta’lim berishda asosiy e’tiborni darsning sifati hamda samaradorligiga qaratilmoqda. Talabada fan bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malakalarni shakllantirib, rivojlantirishida pedagogning bor mahorati ishga solinmoqda.
Ta’kidlanganidek, “Songshin” universiteti hamda О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lib, muassasalarimizning istiqboldagi rejalarini amalga oshirish, birgalikda o‘quv dasturlari tayyorlash va ularni takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu aloqalar turli konferensiyalar, seminar hamda simpoziumlarni o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan yanada mustahkamlanadi.
Mi Suk Kim xonim yuqori darajada kutib olganligi va joriy yilning 13-avgust kuni institut O‘quv teatrida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan konsert dasturini o‘tkazilishida ko‘mak ko‘rsatgani uchun institut rahbariyatiga, xususan, professor Ibrohim Yo‘ldoshev minnatdorchilik bildirdi. Kelajakda har ikki ta’lim dargohi o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilishi uchun astoydil harakat qilishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida mehmonga tashrif va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.