
Joriy yilning 22-iyul kuni Turkiya davlatining “Izmir Kotib Chalabiy” universiteti vakillari Saffet Ko‘se va Yasin Bulduklu О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tashrif buyurishdi.
Mehmonlarni institut prorektorlari kutib olishdi. Institut rektori, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Yo‘ldoshev boshchiligida ta’lim dargohi hududida ekilgan mevali va manzarali daraxtlar, turfa gullar mehmonlarning hayratini oshirdi. Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan yuksak samarali hamda juda xayrli ishlarga O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti jamoasi ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shayotgani e’tirof etildi.
Rasmiy doiradagi muloqot davomida xorijlik mehmonlar ta’lim dargohida yaratilgan shart-sharoitlar, amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi bilan yaqindan tanishdi. Mamlakatimizda pedagog xodimlar va talaba yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar, institut faoliyati, bu maskanda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumot berildi. Tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mulohazalar bildirildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish, ulug‘ ajdodlarimizning o‘lmas merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish, uning mazmun-mohiyatini yoshlarimiz ongu shuuriga singdirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda uztoz-murabbiylarning mehnatini qadrlash, ta’limning sifatini, samaradorligini oshirish borasida barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu oliy ta’lim dargohida san’at, madaniyat sohalarining ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnat sirlaridan bahramand bo‘lgan, ko‘plab ustoz-murabbiylar faoliyat yuritishadi. Pedagoglar el-yurtga ma’rifat ulashib, ma’naviyat chashmasidan bahramand etib, odamlarning izzat-ikromiga sazovor bo‘lmoqda. Ta’lim berishda asosiy e’tiborni darsning sifati hamda samaradorligiga qaratilmoqda. Talabada fan bo‘yicha bilim, ko‘nikma, malakalarni shakllantirib, rivojlantirishida pedagogning bor mahorati ishga solinmoqda. O‘zbekiston yoshlari erishayotgan muvaffaqiyat va zafarlar zamirida davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik, yaratilgan keng imkoniyatlar, yuksak eʼtibor mujassamdir.
Qolaversa, qayd etildiki, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya davlatini mushtarak til va tarix, oʻxshash madaniyat va anʼanalarga asoslangan yaqin doʻstlik hamda qardoshlik munosabatlari birlashtirib turadi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashda madaniy tadbirlar, turli festivallar muhim oʻrin tutadi. Turkiya madaniyati va sanʼati vakillari, turk amaliy sanʼati hamda folklori namoyandalari yurtimizda tashkil etilayotgan festivallarda muntazam ishtirok etmoqda.
O‘zaro muloqot davomida ta’lim sohasida hamkorlik qilish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilarni malakasini oshirishga yuborish, axborot hamda ilmiy ma’lumotlar almashish, ilmiy konferensiyalar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish masalalari belgilandi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Tadbir yakunida mehmonlarga tashrif va hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.